"Wildberries" kompaniyasi asoschisi Tatyana Bakalchuk bilan uchrashuv
2023 yil 1 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov va “Wildberries” kompaniyasi asoschisi Tatyana Bakalchuk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlik masalalari, shuningdek, platformani ichki bozorda barqaror rivojlantirish yo’llarini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda marketpleysni taqdim etish masalalari, xususan, Wildberries faoliyatini kengaytirish, jumladan, respublikada qabul qilish punktlari sonini ko‘paytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
T.Bakalchukning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘zbek ishbilarmon doiralarini marketpleysga jalb etish, xususan, ushbu platformada savdo tizimini qanday tashkil etish bo‘yicha seminarlar o’tkazishni rejalashtirgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda tadbirkorlarga ma’lum imtiyozlar berish, jumladan, soliqlarni kamaytirish va ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlarini ham muhokama qildi.
D.Vaxabov platforma va uning imkoniyatlari bo‘yicha O‘zbekiston hududlarida seminarlar o‘tkazish uchun Wildberries mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kelgusidagi hamkorlikni ish tartibida muhokama qilishga kelishib oldilar va Palata Wildberries bilan hamkorlik qilishga hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlarga ushbu marketpleysga va tashqi bozorlarga chiqishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
SSP matbuot xizmati
02.06.2023
10:11