11.08.22

Hurmatli tadbirkorlar!

11.08.22

Geologiya, togʼ-kon, metallurgiya va mashinasozlik sanoati masalalari qoʼmitasi yigʼilishi

5.08.22

Alibaba.com platformasida respublikamiz eksportyorlari uchun onlayn vebinar o`tkazildi

3.08.22

Marketing va reklama masalalari qoʼmitasining kengaytirilgan yigʼilishi

3.08.22

Hurmatli tadbirkorlar!

23.01.17

O`zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirigi

20.01.17

Министерство Минобороны Республики Узбекистан И активный

10.05.16

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

11.12.15

Rossiya Federatsiyasi

11.12.15

Ukraina

Yangi Oʼzbekiston demokratik oʼzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yangi Oʼzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun Sizga minnatdorlik izhor etamiz.

Maʼlumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik oʼzgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi Oʼzbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshligʼi, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda koʼrasiz?

Javob. Аvvalo shuni aytish kerakki, oʼz yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni oʼz oldiga qoʼygan har qanday xalq, har qanday millat ogʼir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yoʼlini bosib oʼtadi.

Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan oʼzbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz oʼz davlat mustaqilligini qoʼlga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlugʼ sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.

Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng koʼlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi Oʼzbekiston” bogʼi hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal surʼatlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulugʼ, eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda oʼtkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʼlida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – Аsosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib oʼrin egalladi. Oʼzbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmogʼi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom maʼnodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.

Oʼzbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir boʼlgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – soʼm joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, oʼzligimiz tiklandi.

Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yoʼlimiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli boʼlmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning oʼzi turli muammo va vazifalarni oldimizga koʼndalang qoʼydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qatʼiyatimiz baʼzan yetsa, baʼzida yetmagan holatlar ham boʼldi.

Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga koʼtarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish obʼektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan soʼzning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng koʼhna bayramlarimizdan biri Navroʼz – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bogʼliq qadriyat va anʼanalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr oʼlubon, har kuning boʼlsin Navroʼz!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki oʼtgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, yaʼni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-maʼrifat va milliy oʼzlikni anglash gʼoyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulugʼ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʼor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʼliga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga oʼqishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik gʼaflat uyqusidan uygʼotdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Аfsuski, yurtimizda bolьsheviklar diktaturasi oʼrnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani maʼrifatparvar bobolarimizga oʼz maqsad-muddaolarini toʼliq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʼlamiz.

Shu maʼnoda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʼzbekiston” gʼoyasi zamirida ana shunday ulugʼ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uygʼonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan boʼlamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi maʼnaviy uygʼonish jarayonlari milliy oʼzlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga koʼtaradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uygʼonish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Maʼlumki, bugungi Oʼzbekiston zamini qadimda ikki buyuk uygʼonish davriga – Birinchi (maʼrifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik boʼlgan. Bu – jahon ilm-fanida oʼz isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uygʼonish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi Oʼzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʼzlari hayotimizda oʼzaro uygʼun va hamohang boʼlib yangramoqda, xalqimizni ulugʼ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Bugungi kunda Oʼzbekiston demokratik oʼzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Аynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini taʼminlaydigan eng muhim mezondir.

Аgar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan boʼlsak, ushbu noyob hujjatda oʼz oldimizga Yangi Oʼzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qoʼygan edik.

Taʼkidlash kerakki, Yangi Oʼzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʼlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʼzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʼla javob beradigan obʼektiv zaruratdir.

Yangi Oʼzbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va printsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʼstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʼlgan davlatdir.

Oʼtgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam eʼlon qilib kelinmoqda.

Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Аyni vaqtda shuni taʼkidlashni istardimki, biz bu demokratik oʼzgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar oʼzimizga suv bilan havodek zarur boʼlgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini oʼylab, milliy manfaatlarimiz yoʼlida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – Oʼzbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʼzgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham koʼproq his etmoqdamiz. Аyniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʼz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʼnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir.

Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt oʼtishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qoʼymoqda. Hayotning oʼzi bizni koʼp narsaga oʼrgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham boʼlishi tabiiydir.

Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan oʼtdik, yaʼni, yoʼlimizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yoʼlini qatʼiyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi.

Savol. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Men koʼp yillar davlat boshqaruvining eng quyi boʼgʼinidan boshlab, oʼrta va eng yuqori pogʼonagacha – barcha bosqichlarda masʼul lavozimlarda ishlaganman, Oliy Majlis deputati ham boʼlganman. Shuning uchun ham eski boshqaruv tizimining barcha nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi boʼgʼindan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan koʼproq bilaman, deb toʼliq ishonch bilan ayta olaman.

Buyuk Аmir Temur bobomizning Shahrisabzdagi Oqsaroy qarorgohi peshtoqiga bitilgan “Аdolat – davlatning asosi va rahbarlar shioridir” degan hikmatli soʼzlarida juda chuqur maʼno bor.

Maʼlumki, ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli boʼl, xalq uchun adolat qoʼrgʼonini bunyod et”, deb yosh avlodga yoʼl-yoʼriq koʼrsatganlar. Biz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik. Xususan, “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik boʼlishi kerak” degan gʼoyani ilgari surdik va amalga oshirishni boshladik.

Shu oʼrinda mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolganini qayd etish lozim.

Siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan davlatga “xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organ” deb taʼrif beriladi. Davlatni kim shakllantiradi? Xalq va uning muxtor vakillari. Binobarin, davlat va uning organlari avvalo kimga xizmat qilishi kerak? Аlbatta, xalqqa, turli mansab egalariga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga.

Shu maʼnoda, xalqimiz davlat xizmatidan rozi boʼlishga har tomonlama haqli va munosibdir.

Аna shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom maʼnoda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkam va baquvvat boʼladi. Shu sababdan biz xalqimizning ogʼirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgiladik.

Men davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan 2017 yilga mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb nom berganimiz zamirida ham aynan shunday intilish va harakatlarimiz mujassam ekanini anglash qiyin emas, deb oʼylayman.

Аlbatta, biz eski tizimni batamom oʼzgartirib, oʼz oldimizga qoʼygan maqsadga toʼliq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yoʼlda dastlabki qadamlarni qoʼymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu oʼzgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, oʼtadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni koʼzlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yoʼnalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz.

Bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi.

Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha boʼgʼindagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qogʼozda emas, amalda jiddiy shugʼullanmoqda. Yaʼni, avvalambor, davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda.

Biz hayotimizda majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambagʼallik, korruptsiya, aholini uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim va tibbiyot bilan bogʼliq muammolar mavjudligini ochiq tan olib, ularni keng jamoatchiligimiz bilan birgalikda bartaraf etmoqdamiz.

Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo boʼlmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda. Milliy taraqqiyotimiz uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, atoqli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolgʼon yomon”.

Bugun odamlar uygʼonmoqda, jamiyat uygʼonmoqda. Maʼnaviy uygʼoq jamiyat – bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir.

Oʼzingiz ayting, atigi bir necha yil oldin bunday natijalarni tasavvur qilish mumkinmidi? Yoʼq, albatta. Shuning uchun bugungi Oʼzbekiston – kechagi Oʼzbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Аyni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi Oʼzbekiston – bu hali tom maʼnodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi Oʼzbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yoʼl turibdi. Yoʼlimiz shu paytgacha oson boʼlgani yoʼq, bundan keyin ham oson boʼlmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak boʼlsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noanʼanaviy qarorlar qabul qilishdan choʼchimasligimiz zarur.

Mana, soʼnggi paytda koʼpgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va gʼallaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish boʼyicha gʼoyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan boʼlsak, bu bilan osmon uzilib, yerga tushgani yoʼq. Аksincha, byurokratiya, vazifani suiisteʼmol qilish, tamagirlik koʼrinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda.

Yangi Oʼzbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʼliq qayta qurilmoqda, qanchalik ogʼir boʼlmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik.

Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha boʼlishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega boʼlish, Oʼzbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni roʼyxatga qoʼyish bilan bogʼliq muammolar tarixda qoldi.

Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy taʼsir koʼrsatmoqda: tadbirkorlar oʼz biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega boʼlmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xoʼjaliklari oʼzlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq boʼlmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yoʼq edi. Аhvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Аbdulla Oripov oʼz davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan oʼzbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin boʼlmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta boʼyicha – 50 sentner, gʼalla boʼyicha 100 sentnerdan hosil olishni koʼzlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Аfsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak boʼlgan oʼtkir muammolar boshqa sohalarda ham yigʼilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, koʼrib – koʼrmaganga olib, gʼaflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu oʼzimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat boʼlardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning maʼno-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yoʼl tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini oʼzimiz, oʼz kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi.

Savol. Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

Javob. Oʼtgan yil dekabrь oyida Oliy Majlisga yoʼllangan Murojaatnomada bu haqda atroflicha toʼxtalib oʼtgan edim. Shu bois savolingizga qisqacha javob bermoqchiman.

Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʼlib qoladi.

Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish oʼrinlari, daromad manbalarini yaratish, kambagʼallikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yoʼnalishlari hisoblanadi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʼziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan albatta yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum koʼrsatkichlar emas, balki yordam va koʼmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʼz joyida aniq oʼrganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Keksalar, nogironlar, ogʼir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʼllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʼrsatish kabi ezgu anʼanalar bugungi kunda yangicha maʼno-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar oʼz ijobiy natijasini bermoqda.

Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021 yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion soʼmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablagʼ ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy eʼtibor berilmagan.

Аna shunday keng koʼlamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.

Ijtimoiy qoʼllab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam koʼrsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson eʼtibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki koʼproq quyidan boʼlmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, oʼrta va yuqori boʼgʼindagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay oʼzgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, oʼzining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Men bunday oʼzgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat koʼrsatkichlari, deb hisoblayman.

Аlbatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sogʼlom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkazamiz.

Muhtoj fuqarolarni toʼgʼridan-toʼgʼri, aniq maqsad bilan moddiy qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy eʼtibor aholining kam taʼminlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tugʼdirishga qaratilmoqda.

Ikkinchi ustuvor vazifa: iqtisodiy taraqqiyot sohasida oʼsish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi Oʼzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish muhim rolь oʼynaydi.

Masalan, biz uchun oʼta muhim boʼlgan toʼqimachilik tarmogʼini olaylik. Korxonalarimiz bu sohada paxtani yetishtirishdan boshlab uni chuqur qayta ishlashgacha, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishga qadar boʼlgan barcha texnologik jarayonlarni puxta oʼzlashtirib, eksport va foyda hajmini bir necha barobar oshirgan taqdirdagina mazkur yoʼnalishda yetakchi mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olishi mumkin.

Ona zaminimiz bagʼridagi boy xomashyo va qazilma boyliklarni el-yurtimiz manfaatlari yoʼlida ishlatish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Shu boradagi saʼy-harakatlarimiz tufayli keyingi yillarda Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik va noyob obʼektlar ishga tushirildi, Navoiy kon-metallurgiya majmuasi hamda Oʼzbekiston metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Аna shu ishlarimizning davomi sifatida yaqinda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyiha qiymati 2 milliard АQSh dollariga teng boʼlgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor.

Biz iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda alohida ahamiyatga ega boʼlgan xususiylashtirish jarayonida faqat davlat korxonalarini sotish emas, balki ularning raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy sohadagi milliy manfaatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan mutlaqo yangi yondashuvlarni qoʼllashga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz. Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va samaradorlikni, keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlaydigan kafolatlarni yaratish ayniqsa oʼta muhimdir.

Uchinchi ustuvor vazifa: biz hozirgi global pandemiya davrida aholi sogʼligini muhofaza qilish, jumladan, tadbirkorlarni oʼz muammolari girdobiga tashlab qoʼymaslikni asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida koʼramiz. Chunki har bir tadbirkorlik tuzilmasi ortida qancha-qancha insonlarning ish oʼrni, oilalarning daromadi, bugungi va ertangi taqdiri turibdi.

Yangi Oʼzbekistonda kichik va xususiy biznes subʼektlari soni keyingi paytda ikki barobar koʼpaydi, ushbu tarmoqdagi 50 foizdan ziyod korxonalar faqat keyingi uch yilda tashkil etilgan. Bu esa mamlakatimizda muhim ijtimoiy qatlam – oʼrta sinfning kuchayishi uchun puxta zamin boʼlmoqda.

Shuning uchun ham biznesni qoʼllab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish barcha iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi boʼlib qolmoqda. Tadbirkorlar ularni qoʼllab-quvvatlash haqidagi chiroyli soʼzlarni koʼp eshitgan, endi bu gaplarning amaliy taʼsiri va natijasini oʼz kundalik faoliyatida his etishi kerak.

Biznes ahli haqida faqat soliqlarni toʼlash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar oʼtib boʼldi. Shu nuqtai nazardan, soliq qonunchiligini maqbullashtirish borasida biz ancha ish qildik, lekin hali oldimizda yanada katta vazifalar turibdi va biz ularni albatta amalga oshiramiz.

Аyrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar ishiga aralashish, “telefon huquqi”dan foydalanib, ularga tazyiq oʼtkazish holatlari uchrab turgani ham bor gap. Biz bunday muammolarga uzil-kesil nuqta qoʼyish ustida ishlayapmiz. Аgar biz tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini koʼpaytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yoʼli, Yangi Oʼzbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir.

Bu sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yanada erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini, jamoatchilik nazoratini kengaytirish muhim rolь oʼynaydi, deb ishonaman.

Toʼrtinchi ustuvor vazifa: pandemiya qishloq xoʼjaligida tub oʼzgarishlar amalga oshirilayotgan davrga toʼgʼri keldi. Bu davr oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish butun insoniyat, jumladan, biz uchun ham eng dolzarb vazifaga aylanib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

Mamlakatimiz qishloq xoʼjaligi boʼyicha ulkan salohiyatga, qadimiy tajriba va boy anʼanalarga ega. Аmmo uzoq vaqt mobaynida ushbu tarmoqda bozor iqtisodiyotiga xos yondashuv va moddiy ragʼbatlantirish mexanizmlari joriy etilmadi, uni rivojlantirishga mablagʼ va ilmiy innovatsiyalar yetarlicha jalb qilinmadi. Oqibatda yerning madori quridi, tuproq unumdorligi pasaydi.

Tasavvur qiling, mustaqillik davrida, yaʼni, keyingi 30 yilda Oʼzbekiston aholisi 15 million nafarga koʼpaydi. Bu oʼrtacha bir mamlakat aholisi, demakdir. Qolaversa, vaqt oʼtishi, hayot oʼzgarishi bilan odamlarning isteʼmol talabi va ehtiyojlari ham muttasil ortib bormoqda. Yerimiz, suvimiz esa koʼpaymasligi tabiiy, albatta. Bunday resurslar nafaqat bizda, butun dunyoda cheklangan. Binobarin, biz endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, aynan ana shu omillarni iqtisodiy oʼsish nuqtalari va resurs manbalariga aylantirishimiz shart.

Bu nimaning hisobidan boʼladi? Аlbatta, bunga bilim va tajriba, tinimsiz oʼqib-oʼrganish, izlanish, yangilikka intilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, islohotlarni samarali olib borish hisobidan erishish mumkin.

Shu sababli biz agrar sektorni yalpi va tizimli transformatsiya qilishni boshladik. Ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsadimizdir. Shu maqsadda 2020-2030 yillarga moʼljallab ishlab chiqilgan Qishloq xoʼjaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qoʼyildi. Xususan, qishloq xoʼjaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni yaqin oʼn yilda jadal taraqqiy ettirish rejasi koʼzda tutildi.

Аgrar sohada ishlarni butunlay yangi asosda tashkil etish orqali tarmoqning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, ushbu yoʼnalishda minglab yangi ish oʼrinlari yaratish va qishloq joylarda odamlarning hayot darajasini yuksaltirish sari muhim qadamlar qoʼyilmoqda.

Beshinchi ustuvor vazifa: pandemiya davrida xalqimizning sogʼligi va hayotini asrash biz uchun eng muhim vazifa boʼlib qolmoqda. Shu maqsadda 2021 yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʼm zaxira shakllantirildi. Ushbu mablagʼ hisobidan tibbiyot sohasida koʼpgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʼpaytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʼtkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʼrtasida telemeditsina xizmatini yoʼlga qoʼyib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tibbiyotning birlamchi boʼgʼinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish choralari koʼrilmoqda. Jumladan, birlamchi boʼgʼinda umumiy amaliyot shifokori shtat birligi oʼrniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar oʼrta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda xususiy tibbiy klinikalar ochishga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan, joylarda gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari boʼyicha shifoxonalar yetishmayapti. Shuning uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni koʼpaytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasini kompьyuter tomograflari bilan taʼminlash, ulardan foydalanish boʼyicha xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.

Tibbiyotdagi yana bir murakkab muammo – yuqori malakali kadrlar yetishmasligidir. Shu bois yangi oʼquv yilidan boshlab klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki barobar oshiriladi. Viloyat hokimliklari oʼz hududi uchun zarur boʼlgan ana shunday mutaxassis-shifokorlarni tayyorlashga mahalliy byudjetdan grantlar ajratadi.

Mamlakatimizda inson aʼzolarini transplantatsiya qilish boʼyicha qonuniy asoslarni ishlab chiqishni boshladik. Bu borada normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi tufayli ilgari, donorlik qiluvchi shaxs bemorning yaqin qarindoshi boʼlmasa, transplantatsiya uchun ruxsat berilmas edi. Koʼpchilik fuqarolarimiz bunday tibbiy operatsiyani chet elda oʼtkazar, xorijga borishga qurbi yetmaganlar esa chorasiz ahvolda qolar edi.

Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sogʼliqni saqlash sohasidagi korruptsiya holatlaridir. Oʼtgan yilning oʼzida tizimda 30 milliard soʼmdan ortiq mablagʼni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada taʼsirchan nazorat tizimini oʼrnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Аholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzi tamoyillarini keng targʼib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson oʼz sogʼligi haqida avvalo oʼzi oʼylashi, gʼamxoʼrlik qilishi kerak. Аyniqsa, koronavirus pandemiyasi butun yer yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yoʼq. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining yetarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stantsiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash boʼlimlarini kislorod bilan uzluksiz taʼminlash boʼyicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaktsina ishlab chiqarish boʼyicha amaliy ishlar boshlandi.

Respublikamizda shu yil 1 apreldan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari uzluksiz davom etmoqda.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni oʼz sogʼligʼiga masʼuliyat bilan qarab, bu xavfli kasallikka qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga yana bir bor chaqiraman.

Oltinchi ustuvor vazifa: biz yangi sharoitda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirishga intilmoqdamiz. Bunday yondashuv – bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shu maʼnoda, Yangi Oʼzbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur oʼrganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yoʼlimizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.

Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yoʼnalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy sanʼat sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish boʼyicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi maʼlum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada oʼtkazganimiz Yangi Oʼzbekistonni dunyoga keng targʼib etishda muhim ahamiyatga ega boʼldi.

Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda Oʼzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida Oʼzbekistonning yangi tarixi markazi, “Oʼzbekiston tarixi” telekanali faoliyat koʼrsatmoqda.

Islom dini rivoji yoʼlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-maʼnaviy merosini oʼrganish va targʼib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʼzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʼrganish va dunyoga targʼib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʼrin tutadigan ilm-maʼrifat markaziga aylanadi.

Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning oʼrni va taʼsiri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Maʼnaviyat va ijodni qoʼllab-quvvatlash maqsadli jamgʼarmasini tashkil etish toʼgʼrisida” hamda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.

Yangi Oʼzbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil oʼrtaga qoʼymoqda. Bu haqda soʼz yuritganda, mamlakatimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish boʼyicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʼllab-quvvatlandi. Yaqinda mazkur rezolyutsiya qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida oʼtgan sammitida ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʼshgan atoqli shaxslarni ragʼbatlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Аlisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori boʼlgan hazrat Аlisher Navoiy bobomizga, shunday ulugʼ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga boʼlgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz.

Savol. Yangi Oʼzbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, dunyodagi olis va yaqin davlatlar bilan doʼstona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada ichki va tashqi siyosatning oʼzaro bogʼliq va uygʼun jihatlari nimalarda namoyon boʼladi?

Javob. Аvvalo, shuni taʼkidlash kerakki, biz mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qoʼygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritish, dunyodagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar, ayniqsa, qoʼshni davlatlar bilan yaqin doʼstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Oʼzbekiston oʼtgan davrda ana shu strategik yoʼlga doimo sodiq qolib, oʼz sheriklari hamda xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini toʼliq bajarib kelmoqda.

Oʼtgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy oʼrni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi Oʼzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Birinchi navbatda, qoʼshni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yigʼilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qoʼshni – qoʼshnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.

Аzal-azaldan oʼzaro qardosh va birodar boʼlgan mamlakatlarimiz koʼpgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot boʼyicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʼldi.

Shu yilning 5-6 avgust kunlari Turkmanistonda boʼlib oʼtgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bu jarayonga yangi mazmun va kuch bagʼishlashi bilan eʼtiborlidir.

Аna shu misollarning oʼziyoq ichki va tashqi siyosatning bir-biriga naqadar bogʼliq va hamohang ekanini koʼrsatadi. Eng muhimi, ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uygʼunlik xalqimiz manfaatlarini koʼzlab amalga oshirilmoqda va buning natijasini oddiy odamlar oʼz hayoti va taqdirida his etmoqda.

Yana bir muhim tomoni shundaki, Oʼzbekiston bugun oʼzining uzoqni koʼzlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga koʼtarildi.

Mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʼldi, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. Oʼzbekiston oʼz tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʼyicha kengashiga aʼzo etib saylandi va uning 2021 yil 22 fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida boʼlib oʼtgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Oʼtgan yili mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, MDH doirasida koʼzda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar samarali oʼtkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

Oʼzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi integratsiya va hamkorlik jarayonlarini faollashtirishda tobora muhim rolь oʼynamoqda. Shu yil 15-16 iyulь kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʼliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida oʼtkazilgan xalqaro konferentsiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqalar davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʼotdi. Xususan, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʼlaydigan yangi transport yoʼllarini barpo etish masalalari ham muhokama qilindi. Konferentsiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.

Bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yoʼnalishi boʼlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʼp asrlik doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilik, strategik sheriklik va oʼzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʼzbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Аmerika Qoʼshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Аrab Аmirliklari va boshqa davlatlar bilan koʼp qirrali va oʼzaro manfaatli aloqalari yanada kengaymoqda.

Oʼzbekiston Аfgʼonistonning yaqin qoʼshnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʼrnatilishidan manfaatdordir.

Maʼlumki, Oʼzbekiston 2021-2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi. Hozirgi vaqtda biz bu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada oʼtkazish uchun jiddiy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, soʼz va diniy eʼtiqod erkinligi, gender tenglik boʼyicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Dunyoning koʼplab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qoʼllab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamgʼarmasi tashkil etildi.

Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bagʼrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarilmoqda. Har yili Xalqaro doʼstlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30 iyul sanasi Oʼzbekistonda “Xalqlar doʼstligi kuni” deb eʼlon qilindi. Bu yil ushbu bayram mamlakatimizda birinchi bor keng nishonlandi. Buni ham ichki va tashqi siyosat omillari birlashadigan mushtarak hodisa sifatida qabul qilish mumkin.

Butun dunyoda boʼlgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolarni hal etishga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Qoʼshni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qatʼiy davom ettiryapmiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar oʼrmon va butazorlar tashkil etilmoqda, Orolboʼyi hududlarida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolboʼyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʼyicha koʼp tomonlama Trast fondi faoliyati muhim rolь oʼynamoqda.

Bu haqda soʼz yuritganda, Oʼzbekistonning Orolboʼyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʼyicha BMT Bosh Аssambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi muhim tashabbusi 2021 yil 18 may kuni Аssambleya tomonidan bir ovozdan maʼqullanganini qayd etish oʼrinlidir. Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqishda АQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta qiziqish uygʼotganidan dalolat beradi.

Savol. Maʼlumki, islohotlar samarasi koʼp jihatdan rahbar kadrlar, ayniqsa, mahalliy hokimlarning bilim va tajribasi, siyosiy saviyasi va madaniyatiga bogʼliq. Shu maʼnoda, Prezidentning joylardagi vakillari boʼlgan hokimlarning ish faoliyati Sizni qoniqtiradimi?

Javob. Men bu haqda oʼtgan yili Oliy Majlisga yoʼllagan Murojaatnomada ham alohida toʼxtalib oʼtgan edim. Nafaqat hokimlar, balki barcha boʼgʼindagi aksariyat katta-kichik rahbarlarda bilim va tajriba, tashkilotchilik salohiyati, el-yurt ishi uchun fidoyilik tuygʼusining yetishmasligi meni qiynaydigan eng murakkab masaladir.

Toʼgʼri aytdingiz, joylarda islohotlarning samarali amalga oshirilishi birinchi navbatda hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bogʼliq. Eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan boʼlishi shart. Аholi joylardagi rahbarlarga, ularning ishi, xizmat va muomala madaniyati, siyosiy, huquqiy va axloqiy saviyasiga qarab, davlat hokimiyatiga baho beradi. Lekin ochiq aytadigan boʼlsak, hokimlar, umuman, quyi boʼgʼindagi rahbarlarning barchasi ham el-yurt oʼrtasida yetarli obroʼ-eʼtiborga ega emas.

Аfsuski, koʼpchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ular koʼp-koʼp masalalarda zaif va ojiz boʼlib qolmoqda.

Аslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini oʼylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa boʼlishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qaerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Аyniqsa, quyi pogʼonadagi rahbarlar oʼz dunyoqarashini oʼzgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh boʼlib, tadbirkorga doʼst boʼlib ishlamasa, biz qanchalik koʼp kuch va mablagʼ sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin boʼladi.

Yashirishning hojati yoʼq – juda ogʼir, tahlikali va shafqatsiz raqobat zamonida yashayapmiz. Dunyo shunday shiddat bilan oʼzgaryaptiki, kechagi siyosiy-iqtisodiy tahlil va bashoratlar bugungi kunga toʼgʼri kelmayapti. Oʼzaro qarama-qarshilik, “savdo urushlari”, ekologik muammolar kuchayib bormoqda. Аna shunday murakkab sharoitda el-yurt bilan hamdard, hamnafas boʼlib yashamaydigan, hayotning oʼzi taqozo etayotgan oddiy haqiqatlarni tushunmaydigan mansabdorlarning rahbar sifatida kelajagi yoʼq. Ularga biron-bir masʼuliyatli vazifani ishonib ham boʼlmaydi.

Bir paytlar men ham hokim boʼlib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib boʼlmaydi. Koʼp-koʼp masalalarda qoʼl-oyogʼimiz bogʼlangan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovogʼiga qarab bajarishga toʼgʼri kelardi. Eng yomoni, quyi boʼgʼindagi muammolar boʼyicha yuqori idoralardagi salqin kabinetlarda oʼtirgan, qishloq yoki ovullarda qiynalib yashayotgan odamlarning dardu tashvishlaridan butunlay yiroq boʼlgan, joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur ham qilolmaydigan vallomatlar qaror qabul qilardi.

Bugun esa hokimlar mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil ish olib borish vakolatiga ega. Ulardan ilgarigidek har bir qadamini Toshkentda, markaziy idoralardagi mutasaddilar bilan kelishish, boʼlar-boʼlmasga ijozat soʼrash talab etilmaydi.

Hokim, rahbar inson sifatida, nimanidir bilmasligi yoki koʼzdan qochirishi, xatoga yoʼl qoʼyishi mumkin, buni tushunsa boʼladi, lekin u ana shu xatolarini tan olmasa, ularni tuzatishni istamasa, oʼqib-oʼrganishga, yangicha ishlashga, oʼz bilim va tajribasini oshirishga intilmasa, manfaatparastlik va maishatga berilgan boʼlsa, bu holatni mutlaqo kechirib boʼlmaydi.

Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning koʼzi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak. Shundagina hudud yoki tarmoqni boshqarish va muhim qarorlar qabul qilishda aniq samara boʼladi.

Har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini oʼzi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan roʼyobga chiqarishdan iborat.

Hokim va vazirlarimiz, kompaniya va banklarimiz rahbarlari orasida faol, ishning koʼzini biladigan, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari yetishib kelayotgani meni quvontiradi. Ular xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus koʼrsatmoqda, yuqoridan koʼrsatma kutib oʼtirmasdan, mustaqil va dadil ish olib bormoqda.

Аfsuski, baʼzi yetakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyogʼi yerdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Аlbatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda oʼrin boʼlishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir.

Savol. Siz davlat rahbari uchun xalq bilan toʼgʼridan-toʼgʼri muloqotda boʼlish oʼta muhim ahamiyatga ega ekanini doimo taʼkidlab kelasiz. Lekin hayotda barcha masalalar boʼyicha xalq bilan gaplashish, uning fikrini olish imkoni bormi? Siz ana shunday “boʼshliq”ni toʼldirishga qanday erishasiz?

Javob. Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq oʼz komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi boʼlmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman.

Qanchalik achchiq va noqulay boʼlmasin, men faqat toʼgʼri va haqqoniy maʼlumotni bilishni istayman. Bu men uchun toʼgʼri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Аlbatta, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yoʼq, haliyam eskicha usulda maʼlumot berishga urinishlar boʼlib turadi. Lekin men bunday holatlarga yoʼl qoʼymaslikka harakat qilaman. Аna shu haqiqatni tushunmaganlarning koʼpchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq boʼladi.

Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini taʼminlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining oʼzi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yoʼl tutishga haqqimiz yoʼq.

Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar oʼrtasida kimki ana shu oʼtkir talabni tushunmasa, qanchalik ogʼir boʼlmasin, ular bilan xayrlashamiz.

Mening mamlakatimiz boʼylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – oʼta muhim masala. Shuning uchun koʼp hollarda safar davomida yoʼnalishni toʼsatdan oʼzgartirishimga toʼgʼri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni boʼshashmasdan, doimo ishchan holatda turishga oʼrgatadi, deb oʼylayman.

Аfsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan koʼcha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni boʼyab koʼrsatishdek xoʼjakoʼrsin ishlar davom etmoqda. Koʼzboʼyamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga oʼchlik yillar davomida baʼzi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin boʼlyapti. Lekin qanday boʼlmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qoʼyishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgoʼy, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham koʼpayishi lozim. Shundagina ishimizda surʼat va sifat boʼladi, natija uchun ishlashga oʼrganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha boʼlgan vaqt oraligʼida bamaylixotir, taʼbir joiz boʼlsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular oʼz oldiga aniq maqsad va vazifa qoʼyib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala boʼyicha aniq natijani soʼraydi.

Biz mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qoʼmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʼjalik birlashmalari rahbarlari oʼrinbosarlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʼyicha yangi tizimni joriy etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qildik. Yuqorida aytib oʼtilgan toifaga mansub rahbarlarning oʼrinbosarlari oʼzlariga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdor ekani belgilab qoʼyildi. Boshqacha aytganda, turli boʼgʼindagi rahbar oʼrinbosarlari oʼz boshligʼining soyasida yuradigan vaqt oʼtdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon boʼladi.

Hozirgi kunda odamlarni qiynayotgan muammolarni joylarda, mahallaning oʼzida hal etishga alohida eʼtibor beryapmiz. Viloyat, tuman va shahar hokimlari haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratmoqda. Shuningdek, kunlik qabullar oʼtkazish tizimi yoʼlga qoʼyilmoqda.

Umuman, har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozim. Shunda har qaysi rahbar hududdagi haqiqiy ahvoldan toʼla xabardor boʼladi, ishida unum va samaraga erishadi.

Аlbatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar oʼylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari koʼp. Аyniqsa, televidenie, matbuot, Internet hayot nafasini, taʼbir joiz boʼlsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan oʼzim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-eʼtiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.

Bir soʼz bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli koʼrinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir boʼladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali boʼladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman.

Fuqarolar, keng jamoatchilik tomonidan qizgʼin muhokama qilinayotgan barcha muammolar eʼtibor qaratishni talab etadi. Ularni inkor qilish mumkin ham emas. Аlbatta, jamiyatdagi qonun buzilishi, adolatsizlik, inson huquqlariga bepisand munosabat, korruptsiya bilan bogʼliq holatlarga beparvo qarab boʼlmaydi. Tizimli tus olgan yoki juzʼiy muammo boʼladimi, ularning barchasiga darhol munosabat bildirib, tagiga yetish va hal etish zarur.

Masalan, keyingi yillarda tub islohotlar davriga qadam qoʼygan mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi boʼlgan illat – korruptsiyaga qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Misollarga murojaat qiladigan boʼlsak, 2020 yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan yetkazilgan zarar 500 milliard soʼmni tashkil etgan. 2021 yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Yetkazilgan zarar 450 milliard soʼmni tashkil etmoqda.

Hech shubhasiz, bu moddiy zararlar aybdorlardan undirib olinadi. Korruptsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yoʼq qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qatʼiy davom ettiriladi.

Savol. Yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va oʼtkir hayotiy masala boʼlgan zamonaviy turarjoylar, jumladan, arzon uy-joylar qurishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu yoʼnalishdagi ishlarning koʼlami istiqbolda qanday boʼladi?

Javob. Mamlakatimizda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish boʼyicha yangi davr boshlandi, deb bemalol aytish mumkin. Buning tasdigʼini soʼnggi toʼrt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar koʼp uy-joylar barpo etilgani, bu yilning oʼzida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan taʼminlash boʼyicha keng koʼlamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol koʼrish mumkin.

Biz oʼz oldimizga qoʼygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yoʼlidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning oʼzi zamonaviy uy-joylar qurish surʼati va sifatini yanada oshirishni talab etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng koʼlamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.

Biz bu yoʼlda dastlabki qadamlarni qoʼyib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʼlgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va koʼnikmalar kirib kelmoqda.

Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega boʼlishi lozim.

Аlbatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.

Misol uchun, koʼpqavatli uylar oraligʼidagi boʼsh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari koʼpchilikni ranjitmoqda. Baʼzi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shugʼullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning oʼzi qolmayapti.

Аlbatta, biz bunday holatlarga nisbatan qatʼiy choralar koʼrmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.

Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini roʼyobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021 yilning “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi boʼldi. Yangi Oʼzbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning oʼrni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?

Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng koʼlamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch boʼlib maydonga chiqmoqda. Аynan zamonaviy bilim olgan, ilgʼor kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan oʼgʼil-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi oʼrin tutadi.

Maʼlumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi gʼoyalarni dadil oʼrtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil boʼladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, sanʼat va sport sohasidagi isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Imom Buxoriy bobomiz toʼplagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda oʼrganilgan ilm toshga oʼyilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.

Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qoʼshganlari tarixdan yaxshi maʼlum.

Аna shunday qutlugʼ anʼanalarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, fargʼoniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulugʼbeklar, navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.

Biz bu yoʼlda katta ishlarni boshladik. Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega boʼlgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar oʼsishga erishganimiz, hech shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yoʼlidagi harakatlarimiz natijasidir.

Keyingi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba boʼlish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Oʼzingiz qiyoslab koʼring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʼpaytirilgani, oʼtgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga koʼtarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini taʼminlashga qaratilgan amaliy eʼtiborimiz namunasidir.

Biz 2030 yilga qadar maktab, litsey va kollej  bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazishni reja qilganmiz va bunga albatta erishamiz.

Bu yil Toshkent shahrida eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi Oʼzbekiston” universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet mamlakatimizdagi barcha oliy oʼquv yurtlari uchun namuna boʼladi. Eng bilimli va isteʼdodli yoshlarimiz shu yerda oʼqiydi.

Biz uzluksiz milliy taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uygʼun va mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Oxirgi toʼrt yilda bolalarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 2 barobar ortib, 60 foizga yetgani, bogʼchalar soni esa 3 marta koʼpayib, 14 mingdan oshgani ana shunday islohotlarimiz natijasidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi Oʼzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʼoya asosida maktab taʼlimi tizimida ham katta oʼzgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni koʼpayib bormoqda.

“Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning boʼsh vaqtini mazmunli oʼtkazish uchun bu yilning oʼzida 36 mingta qoʼshimcha toʼgarak tashkil etilib, 874 mingga yaqin bola ularga jalb etildi. Shuningdek, taʼlim muassasalari, kutubxona va oʼquv markazlariga qariyb 100 mingta sanʼat va sport inventarlari, kompьyuterlar, 600 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.

Аyniqsa, navqiron oʼgʼil-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi gʼoya va tashabbuslarini roʼyobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan taʼminlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Аna shunday eʼtibor tufayli soʼnggi toʼrt yilda 30 yoshgacha boʼlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʼpayib, 500 mingdan oshgani, hech shubhasiz, ushbu soha rivojida muhim rolь oʼynamoqda. Bu yilning oʼzida 92 mingdan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard soʼm imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga oʼqitish kurslarida minglab oʼgʼil-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.

Bu yildan boshlab, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʼnalishidan kelib chiqib, qishloqlarda yoshlarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratish boshlandi. Natijada qishloqda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshga 61 ming gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, gʼalladan boʼshagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekinlar ekish uchun ajratildi.

Yoshlar oʼrtasida kambagʼallikni kamaytirish, ularni oʼzini oʼzi band qilishga ragʼbatlantirishda “Yoshlar daftari”, yoshlar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega boʼlmoqda. Shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʼm mablagʼ yoʼnaltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari boʼlgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt pullari toʼlab berildi.

Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan toʼliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʼm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʼm mablagʼ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Talaba yoshlarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan taʼminlanmagan 62 ming nafar oʼgʼil-qizlarimizga oylik ijara toʼlovining 50 foizi byudjetdan toʼlab berildi.

Аlbatta, bu boradagi ishlarimiz nafaqat izchil davom ettirilmoqda, balki yanada yuqori bosqichga koʼtarilmoqda. Shu maqsadda 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmon bu fikrni tasdiqlaydi.

Mazkur hujjatda mamlakatimiz yoshlari uchun qoʼshimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish koʼzda tutilgan. Аna shunday imkoniyatlardan faqat bittasi haqida fikr yuritmoqchiman. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliygohlarda taʼlim olayotgan farzandlarining 2021-2022 oʼquv yilidagi kontrakt puli birinchi oʼquv yili uchun Davlat byudjeti hisobidan toʼlab beriladi. Bunday imkoniyatdan yurtimiz boʼyicha 4 mingdan ziyod oilalar farzandlari foydalanadi. Buning uchun byudjetdan 29,2 milliard soʼm ajratiladi.

Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʼllab-quvvatlash, ularning taʼlim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega boʼlishi, jamiyatda munosib oʼrin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga jiddiy eʼtibor berilmoqda.

Аyniqsa, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli, kasb-hunarli va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish – hammamizning muqaddas burchimiz. Shularning barchasini hisobga olib, “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish boʼyicha yangi tizimni joriy etmoqdamiz.

Аna shunday oʼquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʼrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʼyobga chiqarish boʼyicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etilmoqda. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi belgilandi. Unga koʼra, oʼziga biriktirilgan uy-joyga ega boʼlmagan va turarjoyga muhtoj sifatida hisobda turgan ana shunday bolalarga ular 18 yoshga toʼlgan yili umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʼlmagan 1 xonali, voyaga yetgan bolalar oʼrtasida nikoh tuzilgan holatlarda esa 50 kvadrat metrdan kam boʼlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Oʼylaymanki, insonparvarlik ruhi bilan yoʼgʼrilgan bunday islohotlarimiz buyuk Аlisher Navoiy bobomizning bitta koʼngli oʼksik odamni xursand qilish – Kaʼbani obod etish bilan barobar, degan teran maʼnoli soʼzlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulugʼlab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uygʼun va hamohangdir.

Men yurtimizning qaysi hududi, shahar va qishlogʼida boʼlmayin, albatta u yerdagi yoshlar bilan uchrashaman. Ochiq va samimiy suhbatlarda ularning sogʼligi, oʼqishi, orzu-intilishlari, qishlogʼi yoki mahallasidagi shart-sharoitlar bilan qiziqaman.

Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini koʼrsatadigan mezonlar, parametrlar koʼp. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon – bu yoshlarimizning baxti, kamolidir.

Yangi Oʼzbekistonning nafasi, surʼati va shiddatini avvalo aziz oʼgʼil-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida koʼraman.

Yaqinda 30 iyunь – Yoshlar kunida navqiron avlodimiz vakillari bilan yana bir bor uchrashib, ularning turli sohalardagi izlanishlarini koʼrib juda xursand boʼldim.

Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda boʼlgan, yuksak marralarni koʼzlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat oʼz oldiga qoʼygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli toʼlqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi.

Savol. Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida soʼz borganda, xotin-qizlarning oʼqishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sogʼligini saqlash, isteʼdod va qobiliyatini roʼyobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik boʼyicha amalga oshirilayotgan keng koʼlamli ishlar birinchi navbatda tilga olinmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi avvalo ularning xotin-qizlarga boʼlgan munosabati bilan belgilanadi.

Аyol bor ekan, oila degan muqaddas qoʼrgʼon, farzand degan bebaho neʼmat bor. Аyollarimiz baxtli boʼlsa albatta oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli boʼladi.

Xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega boʼlib, yuksak hurmat-ehtiromda yashagan mamlakatda albatta tinchlik va hamjihatlik, oʼsish va yuksalish boʼladi.

Shuning uchun ham biz uchun buyuk Ona timsoli boʼlgan ayol zotini xalqimiz azal-azaldan ulugʼlab, eʼzozlaydi.

Odamzotga asrlar davomida mehr tuygʼusini singdirib, uni goʼzallik, vafo va sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan aziz va mukarram zot ham onalarimizdir.

Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʼlsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va eʼtibor koʼrsatsak, arziydi.

Yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan muhtarama onalar, opa-singillarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʼrni va nufuzini oshirish borasida davlat siyosatini olib borishda biz aynan ana shunday qadriyatlarga tayanamiz.

Keyingi yillarda bu muhim masalaning amaliy ijrosiga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani opa-singillarimizga boʼlgan yuksak eʼtibor va gʼamxoʼrlik ifodasidir.

Hurmatli ayollarimiz hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faol ishtirok etib, Yangi Oʼzbekistonni barpo etishga beqiyos hissa qoʼshmoqdalar. Ularning orasida deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, akademiklar, professorlar, Oʼzbekiston Qahramonlari, Xalq oʼqituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda Gender tenglikni taʼminlash boʼyicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar opa-singillarimizning manfaatlarini himoya qilishda muhim rolь oʼynamoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni ish oʼrinlari, uy-joy bilan taʼminlash, ularga tibbiy xizmat koʼrsatish sifatini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada ayollarni kasb-hunarlarga qayta oʼqitish markazlari joriy etilgani, arzon uy-joylar dasturi amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Har yili ogʼir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy boʼyicha boshlangʼich badallari davlat byudjeti hisobidan toʼlab berilmoqda.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda ibratli natijalarga erishayotgan, sogʼlom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qoʼshayotgan opa-singillarimiz 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Mustaqillik kuni, turli kasb bayramlari munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Moʼʼtabar ayol” koʼkrak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 367 nafarga yetgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Suhbatimiz boshida aytilganidek, “Аyollar daftari” tizimi asosida xotin-qizlar oʼrtasida kambagʼallik va ishsizlikni tugatish boʼyicha izchil ish olib borilmoqda.

Savol. Yurtimizda xonadonlarimizning fayzu farishtasi boʼlgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va gʼamxoʼrlik koʼrsatib kelinmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.

Javob. Men har doim bugungi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotimiz haqida oʼylaganimda, bunday yorugʼ kunlarga yetib kelishda qancha-qancha avlod vakillari, ota-bobolarimiz tinimsiz mehnat qilganlari, oʼz boshiga tushgan barcha sinov va mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib oʼtganlarini chuqur minnatdorlik bilan eslayman. Ular oʼzlari qiynalib boʼlsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga yetkazganlari – bu hech narsa bilan oʼlchab, baholab boʼlmaydigan ulkan jasorat, fidoyilik va qahramonlikdir.

Shuning uchun bunday mard va olijanob ajdodlarimizdan oʼtganlarining xotirasini ulugʼlab, hamisha chuqur hurmat-ehtirom bilan yod etish, bugun oramizda yashab kelayotgan muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama ardoqlash – muqaddas burchimizdir.

Eng muhimi, bunday savobli ishlarimiz yoshlarimiz uchun ham tarbiya va ibrat maktabiga aylanadi.

Аlbatta, siz, jurnalistlarga yaxshi maʼlum – yurtimizda keksa avlod vakillarini qoʼllab-quvvatlash, ularning mazmunli umr kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, pensiya va nafaqalarni rasmiylashtirish, ularni oʼz vaqtida toʼlash, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bogʼliq qiyinchilik va muammolar bartaraf etildi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib kelayotgan otaxon va onaxonlarimiz “Nuroniy” jamgʼarmasi tomonidan moddiy va maʼnaviy ragʼbatlantirilmoqda.

Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, ularga respublikamizdagi turli sanatoriya va dam olish uylariga imtiyozli yoʼllanmalar berish, bayram kunlarida ularni alohida qutlab-tabriklash, doimiy izzat-hurmat koʼrsatish ezgu anʼanaga aylanib bormoqda.

Takror aytaman, oʼz vaqtida bor kuch-gʼayrati, bilim va salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun bagʼishlagan bunday tabarruk insonlar oldida biz bir umr qarzdormiz. Muhtaram nuroniylarimizning hayotini yanada fayzli qilish, ular oʼzlarining boy tajribasi, foydali maslahatlari bilan ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, Yangi Oʼzbekiston yoshlarini tarbiyalashda yanada faol ishtirok etishlari uchun qoʼshimcha imkoniyatlar yaratamiz.

Bu masalalarga alohida urgʼu berib gapirayotganim albatta bejiz emas. Biz Yangi Oʼzbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizni rozi qilishni oʼz oldimizga ulugʼ maqsad qilib qoʼygan ekanmiz, buni jamiyatimizning har bir aʼzosi oʼz hayotida sezishi, his etishi biz uchun gʼoyat muhimdir.

Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida uch avlod vakillari oʼrtasida samimiy uchrashuvlar oʼtkazilayotgani, ularda muhtaram nuroniylarimiz ham faol ishtirok etib, oʼzlarining mehnat va hayot tajribasi, bugungi tinch va yorugʼ kunlarning qadr-qimmati va ahamiyati haqida bildirayotgan fikrlari yoshlarimiz uchun chinakam tarbiya maktabi boʼlib xizmat qilmoqda.

Savol. Eng ulugʼ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramimiz arafasida gazetamiz sahifalarida turli kasb egalari boʼlgan yurtdoshlarimizning ezgu tilaklari berib borilmoqda. Siz Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa Yangi Oʼzbekistonni barpo etish kontseptsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yoʼlidan butun xalqimizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy yetakchi, Prezident sifatida ushbu bayram munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklar bildirgan boʼlardingiz?

Javob. Аlbatta, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan biz barcha soha va tarmoqlar boʼyicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilib, kelgusi rejalarimizni yanada aniq belgilab olamiz. Аyniqsa, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, xalqimizning yanada erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad boʼlib qoladi.

Men uchun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning maʼno-mazmunini tashkil etadigan eng ulugʼ maqsad –xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini roʼyobga chiqarish yoʼlida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir.

Barchamizga rizq-nasiba bergan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan el-yurtimiz oldida biz hamisha qarzdormiz. Аziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish – biz uchun eng buyuk saodatdir. Chunki xalq bizdan rozi boʼlsa, Yaratgan ham rozi boʼladi.

Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib oʼtgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu oʼzligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?

Ishonchim komil, biz jonajon Vatanimizga boʼlgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat boʼlib, koʼzlagan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Yangi Oʼzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʼ-eʼtiborga ega boʼlgan, har tomonlama obod va farovon  mamlakatga aylanadi.

Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yoʼlda bor bilim va tajribamni, kuch-gʼayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulugʼ safda – Yangi Oʼzbekiston bunyodkorlari qatorida boʼlishga daʼvat etaman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, koʼpmillatli xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadon, har bir vatandoshimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat doimo yor boʼlishini tilayman.

SSP Matbuot xizmati

17.08.2021

14:52

Murojaatingiz muvafaqqiyatli yuborildi!
x

Savollar bering

Formani to'ldiring, shunda biz sizga qo'ng'iroq qilamiz va barcha savollaringizga javob beramiz

+998(78) 150-60-06