O‘zbekiston Respublikasi Imtiyozlar bo‘yicha qonun 
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 y., 9-son, 185-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008 y., 52-son, 513-modda)
-
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Kontsessiya tushunchasi
Kontsessiya chet ellik investorga xo‘jalik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma bo‘lib, bu faoliyatni amalga oshirish uchun davlat chet ellik investorga kontsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, er va er osti uchastkalarini topshiradi.
2-modda. Kontsessiyachilik faoliyatini qonunlar bilan tartibga solish
Kontsessiyachilik faoliyatida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar ushbu Qonun bilan hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kontsessiyachilik faoliyati jarayonida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Kontsessiyachilik faoliyatining asosi
O‘zbekiston Respublikasida kontsessiyachilik faoliyati quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
o‘zaro foydalilik;
kontsessiyachilarni tanlov, auktsion asosida ajratib olish;
kontsessiyachining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq olib borayotgan xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik;
mehnatni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni himoyalash, ekologiya va sanitariya-gigiena xavfsizligi sohalarida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga rioya etish;
agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda o‘zgacha shartlar nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida amal qilib turgan standartlar va normativ hujjatlarga mos keladigan mahsulot ishlab chiqarilishini ta’minlash.
4-modda. Kontsessiya obyektlari
Chet ellik investorga mol-mulkni, er va er osti uchastkalarini berib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlab qo‘yilmagan ayrim turlari kontsessiya ob’ektlari bo‘ladi.
5-modda. Kontsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlari
Quyidagilar kontsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlaridir:
kontsessiya organlari - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakil qilgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari;
kontsessiyachi - kontsessiya shartnomasi tuzilgan chet ellik investor.
6-modda. Kontsessiyachilik faoliyatida mulkchilik munosabatlari
Davlat kontsessiyachiga kontsessiyachilik faoliyati bilan bog‘liq mol-mulkka, er va er osti uchastkalariga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqini berib, ularni tasarruf etishdan iborat alohida huquqni o‘zida saqlab qoladi.
Kontsessiyachining kontsessiyachilik faoliyati natijasida olgan mahsuloti va daromadlari kontsessiya shartnomasida belgilab qo‘yilgan hajmda uning mulkidir.
O‘zbekiston Respublikasi kontsessiyachidan mahsulot olishda ustun huquqqa ega.
-
II. DAVLAT HOKIMIYaTI VA BOShQARUVI ORGANLARINING KONTsESSIYa MUNOSABATLARINI TARTIBGA SOLIShDAGI VAKOLATLARI
7-modda. Kontsessiya munosabatlari sohasida davlat boshqaruvi
Kontsessiya munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvini Vazirlar Mahkamasi, tegishli vakolat olgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Kontsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar Vazirlar Mahkamasi ixtiyorida bo‘ladi:
kontsessiyachilik faoliyatining ustun yo‘nalishlari dasturlarini ishlab chiqish;
kontsessiya berish uchun tanlovlar hamda auktsionlar o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilash;
kontsessiya loyihalari va dasturlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartibini belgilash;
kontsessiya shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilash;
kontsessiyaga berilmaydigan yoki kontsessiyaga berish cheklanadigan ob’ektlar ro‘yxatini belgilash;
kontsessiya shartnomalarining shartlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish;
kontsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
9-modda. Vakolat olgan davlat boshqaruvi organining huquqlari
Kontsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar vakolat olgan davlat boshqaruvi organining ixtiyorida bo‘ladi:
tanlovlar va auktsionlar tashkil etish hamda ularni o‘tkazish;
o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida kontsessiya shartnomalarini tuzish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qilish.
10-modda. Joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlari
Kontsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar joylardagi davlat hokimiyati organlarining ixtiyorida bo‘ladi:
kontsessiya shartnomalari tuzilishi mumkin bo‘lgan o‘z ixtiyorlaridagi ob’ektlarni aniqlash;
o‘z ixtiyorlaridagi ob’ektlar bo‘yicha tanlovlar va auktsionlar tashkil etish hamda ularni o‘tkazish;
o‘zlariga berilgan vakolatlar doirasida kontsessiya shartnomalari tuzish, shuningdek o‘zlariga qarashli hududlardagi ob’ektlar bo‘yicha boshqa kontsessiya shartnomalarining shartlarini kelishish;
kontsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
-
III. KONTSESSIYALAR BERISH TARTIBI VA SHARTLARI
11-modda. Kontsessiya xususida takliflar tayyorlash
Kontsessiya xususidagi takliflar kontsessiya organlari tomonidan kontsessiyalarning O‘zbekiston Respublikasi uchun muhimligiga hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligiga qarab tayyorlanadi va faoliyat turini aniqlashni hamda beriladigan mol-mulkning ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.
12-modda. Kontsessiyalarni berish tartibi
Kontsessiyalar tanlov, auktsionlar asosida beriladi. Istisno tarzida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, kontsessiyalar kontsessiya organi bilan potentsial investor o‘rtasida bevosita muzokaralar olib borish asosida beriladi.
Kontsessiyalar berishning tanlov yoki auktsion usulini kontsessiya organi tanlaydi.
13-modda. Tanlov, auktsionlar tashkil etish va kontsessiya shartnomalari tuzish
Kontsessiya bo‘yicha tanlov, auktsion o‘tkazilishi haqidagi xabar uch oy oldin, alohida hollarda esa besh oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, ularni o‘tkazish vaqti va joyi, shuningdek buyurtmanomalar berish muddati ko‘rsatiladi.
Tanlovda, auktsionda qatnashish uchun buyurtmanomalar potentsial kontsessiyachilar tomonidan kontsessiya organiga yuboriladi.
Kontsessiya shartnomasi chet ellik investor bilan tegishli kontsessiya organi o‘rtasida tuziladi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
14-modda. Tanlovda, auktsionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilishni rad etish
Tanlovda va (yoki) auktsionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
kontsessiya berish haqidagi buyurtmanomani belgilangan talablarni buzgan holda taqdim etish;
buyurtmachi o‘zining moliyaviy va texnik imkoniyatlari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etishi.
15-modda. Kontsessiya shartnomalarining mazmuni
Kontsessiya shartnomasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
shartnoma nimaga tegishliligi, berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati;
yer va yer osti uchastkalarining makon chegaralari;
kontsessiya shartnomasining amal qilish va ishlarning boshlanish muddatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
belgilangan soliqlar va boshqa to‘lovlarning miqdori, ularni to‘lash tartibi, muddatlari;
har yilgi investitsiyalarning qat’iy belgilab qo‘yilgan miqdori hamda ularni solish muddatlari, shuningdek ishlab chiqilgan biznes-rejaga muvofiq chiqariladigan mahsulot hajmi;
atrof muhitni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borish talablari;
kontsessiyachilik faoliyati jarayonida olinadigan axborot borasida tomonlarning haq-huquqlari;
xodimlar yollash, o‘qitish va ish o‘rgatish hamda ularni sug‘urtalashning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan shartlari;
favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan hodisalarning yuridik, iqtisodiy hamda tashkiliy oqibatlari;
nizolarni hal qilish tartibi, shartnoma shartlarini buzganlik uchun tomonlarning javobgarligi;
tomonlarning moliyaviy kafolatlari, yuridik manzillari hamda bank rekvizitlari;
mol-mulk, er va er osti uchastkalarini bosqichma-bosqich qaytarib berish tartibi va shartlari;
kontsessiya shartnomasini o‘zgartirish va to‘xtatish shartlari.
Kontsessiya shartnomasiga amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
16-modda. Kontsessiyachining to‘lovlari
Kontsessiyachi quyidagilarni to‘laydi:
kontsessiya shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq;
kontsessiya uchun kontsessiya shartnomasida belgilangan tartibda haq;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan soliqlar va boshqa to‘lovlar.
17-modda. Kontsessiya shartnomasining amal qilish muddati
Kontsessiya shartnomasi o‘n besh yilgacha muddatga tuziladi. Zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq shartnoma uzaytirilishi mumkin.
18-modda. Kontsessiya shartnomalarini o‘zgartirish va bekor qilish
Kontsessiya shartnomasi shartlarini o‘zgartirishga shartnomada belgilangan tartibda yoki tomonlarning kelishuviga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.
Kontsessiya shartnomasi tomonlarning o‘zaro kelishuviga muvofiq yoki tomonlardan biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda sud qaroriga muvofiq, shuningdek kontsessiyachi shartnoma tuzish chog‘ida taqdim etgan ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘lib qolgan taqdirda kontsessiya organi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Kontsessiya shartnomasi Davlat reestridan chiqarib tashlangan paytdan boshlab to‘xtatiladi.
19-modda. Kontsessiya shartnomalari bo‘yicha huquqlar va majburiyatlarning uchinchi shaxslarga o‘tishi
Kontsessiya shartnomasi tomonlaridan biri qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquqlari va majburiyatlari, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki shartnoma shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning huquqiy vorislariga o‘tadi.
Kontsessiyachining huquqlarini, kontsessiya shartnomasi ob’ektining hammasini yoki bir qismini uchinchi shaxslarga berish kontsessiya organining roziligi bilan amalga oshiriladi.
20-modda. Sug‘urta
Kontsessiyachi kontsessiya shartnomalari bilan bog‘liq tavakkalchilikni, kontsessiyachilik faoliyatini va o‘z xodimlarini mustaqil sug‘urta qiladi.
-
IV. KONTSESSIYACHINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
21-modda. Kontsessiyachining huquqlari
Kontsessiyachi quyidagi huquqlarga ega:
ajratilgan er uchastkasidan, suv resurslaridan, energiya manbalaridan, muhandislik kommunikatsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish, foydalanilayotgan hududda binolar, inshootlar, shoxobcha yo‘llar, shosselar, telegraf va telefon aloqa liniyalari qurish;
mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan o‘zgartishlarni mustaqil kiritish, uni qayta qurish, kengaytirish, texnika bilan qayta qurollantirish;
o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari va xodimlarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulk va zarur materiallar olib kirish;
o‘z mol-mulkini va o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni olib chiqib ketish;
O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining, mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish.
Kontsessiyachi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
22-modda. Kontsessiyachining majburiyatlari
Kontsessiyachi quyidagilarni bajarishi shart:
kontsessiya shartnomasi shartlariga rioya qilish;
xo‘jalik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va kontsessiya shartnomasiga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirish;
kontsessiya shartnomasining amal qilishi tamom bo‘lganidan yoki u bekor qilinganidan keyin ikki oylik muddatda shartnomaga muvofiq o‘ziga berib qo‘yilgan mol-mulkni va ob’ektlarni kontsessiya organiga qaytarib topshirish, shuningdek o‘z mol-mulkini tasarruf etish;
hisob va hisobotni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan tartibda yuritish;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
23-modda. Kontsessiyachi oladigan foyda
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lab bo‘linganidan keyin kontsessiyachida qoladigan foyda batamom uning tasarrufiga o‘tadi.
-
V BO‘LIM. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
24-modda. Nizolarni qarab chiqish tartibi
Kontsessiyachi bilan kontsessiya organi o‘rtasidagi nizolar, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasining xo‘jalik sudlarida ko‘rib chiqilmog‘i kerak.
Kontsessiyachilarning o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining davlat korxonalari, jamoat uyushmalari va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan nizolari, shuningdek kontsessiyachilar o‘rtasidagi nizolar O‘zbekiston Respublikasining sudlarida, shuningdek tomonlarning kelishuviga muvofiq chet elda hakamlar va xolislar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
25-modda. Kontsessiya munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Kontsessiya shartnomasi tuzgan tomonlar uning bajarilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va shartnomada ko‘zda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladilar.
26-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda ko‘zda tutilganidan boshqacha qoidalar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995 yil 30 avgust,
110-I-son
Daromad va
imkoniyatlar


Foydali havolalar
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang
O'tish