
Toshkentda O‘zbekiston-Singapur ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida, joriy yilning 25 may kuni Toshkentda O‘zbekiston-Singapur ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davra suhbatida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov, Singapur biznes federatsiyasi raisi o‘rinbosari Shahzad Nazim, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, "O‘zkimyosanoat" AJ vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Singapur biznes federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum shartlarini amalga oshirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy aloqalarning bugungi holati va O‘zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Tadbirning asosiy mavzulari qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va tibbiyot, ta’lim, axborot texnologiyalari, turizm, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘ldi. Shuningdek, davra suhbati davomida ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish mamlakatlar o‘rtasidagi investitsion va savdo-iqtisodiy munosabatlarning hal qiluvchi omili sifatida muhokama qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov o‘z nutqi davomida, hozirda O‘zbekistonda Singapur investorlari tomonidan 90 nafar korxonalar tashkil etilganligini va ushbu korxonalar elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, ta’lim, savdo va mashinasozlik kabi sohalarda faoliyat yuritib, iqtisodiy yuksalishimiz va mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shayotganini qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro savdo ayirboshlash hajmi dinamikasi doimiy o‘sishda bo‘lib, 2017 yildagi 92,6 million dollardan 2022 yilda 143 million dollar (eksport – $ 105 mln., import – $ 38 mln.)ga yetdi. Singapurga asosan qora metallar va ulardan yasalgan jihozlar, qurilish materiallari, xizmatlar va boshqalar eksport qilinmoqda. Import tarkibini esa xizmatlar, kauchuk, rezina va undan yasalgan jihozlar, optika mahsulotlari va instrumentlar, mexanika jihozlari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqalar tashkil qiladi.
Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalari hajmi ham yildan-yilga o‘sib bormoqda. 2016–2022 yillarda Singapurning investitsiyalari jami 700 million dollarni tashkil etgan.
Tadbir yakuni bo‘yicha “B2B” va “G2B” uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlarga namoyish etgan holda ularning eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari borasida fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 16-18 yanvar kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Singapurga tashrif buyurgan edi. Davlatlar besh yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish, kapitali 500 mln dollar bo‘lgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha kelishib olgan, shuningdek, salkam 5 mlrd dollarlik shartnomalar imzolagan.
SSP matbuot xizmati
25.05.2023
17:18