
Savdo-sanoat palatasi Singapur biznes federatsiyasi bilan hamkorlik o'rnatdi
Joriy yilning 24 may kuni Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi doirasida Toshkentda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Singapur biznes federatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida hamkorlik yo'nalishlari bo'yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Biznes-forumda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, “Meinhardt”, “PSA International”, “Wilmar International”, “Changi xalqaro aeroporti”, “EINZ Engineering & Construction”, “Lazada Group”, “MSI Global”, “Engarde Ventures”, “TMC” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Singapur va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tashqi savdo munosabatlari ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Aytib o'tish joizki, 2023-yil boshidan buyon uning hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir necha baravar oʻsdi. Investitsiya sohasidagi munosabatlar va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi hamkorlik kengaytirilmoqda. Singapur kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni so‘nggi yetti yilda 3,5 barobar oshdi.
Singapurning yirik kompaniyalari bilan “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika sanoati, ta’lim, turizm, infratuzilmaviy rivojlanish va davlat kompaniyalari aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.
Yuqori martabali mehmonlar ishbilarmon doiralar vakillariga murojaat qilar ekan, hukumat vakillari qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar hamda kompaniya va korporatsiyalar rahbarlarini hamkorlikni kengaytirishga, o‘zaro manfaatli yangi shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdilar.
Tadbir doirasida ta’lim, transport, shaharsozlik va moliyaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan panel munozaralari ham bo‘lib o‘tdi.
25.05.2023
09:54