
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan yana bir tadbirkorning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilindi
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasiga uning aʼzosi “PIRAMIDA TASHKENT” MChJ murojaat qilib, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam soʼragan.
“PIRAMIDA TASHKENT” MChJ murojaati oʼrganib chiqilganda, jamiyat va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali oʼrtasida pudrat shartnomalari imzolanganligi, biroq, davlat muassasi tomonidan shartnoma boʼyicha majburiyatlar lozim darajada bajarilmaganligi natijasida jamiyat oldida 758 mln soʼmga yaqin qarzdorlik vujudga kelganligi aniqlandi.
Ushbu qarzdorlikni undirish yuzasidan vujudga kelgan nizoli masalani oʼzaro tinch yoʼl bilan hal etish maqsadida, Palata tomonidan taraflar oʼrtasida sudgacha nizoni hal etish jarayoni oʼtkazilgan. Biroq, nizoni oʼzaro kelishish orqali hal etish imkoni boʼlmaganligi sababli, Palata tomonidan oʼz aʼzosi manfaatida tegishli sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilingan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ish mazmunan koʼrib chiqilib, Palataning daʼvo talablarini qanoatlantirish va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali hisobidan jamiyat foydasiga qarzdorlik summasini undirib berish toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilingan va shu orqali Palata aʼzosining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilingan.
SSP matbuot xizmati
28.10.2022
11:33