20.09.2020 648

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Tojikiston Hunarmandlar uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi


19-sentyabr, 2020-yil O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari F. Usmаnov boshchiligidagi delegatsiya Tojikiston Hunarmandlar uyushmasi raisi Mufarrah Muxabbatov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat hunarmandchiligining dolzarb yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish borasida O‘zbekiston hunarmandlari uyushmasi va Tojikiston hunarmandlari ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qo‘l san'atlari va xalq amaliy san'ati sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam ta'minlangan oilalarni ish bilan ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hunarmandchilikning turli maktablari va sohalarini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar, gilam to‘qish, kashtachilik, ipak to‘qish, miniatura, kulolchilik kabi sohalarda noyob merosni saqlash bo‘yicha "Usta-Shogird" tizimini rivojlantirishda ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Uchrashuvda F. Usmonov tojik tomoniga 2019-yil sentyabr oyida Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan dunyoning 83dan ortiq mamlakatlaridan hunarmandlar va amaliy san'at ustalari ishtirok etgan Birinchi Xalqaro hunarmandlar festivali to‘g‘risida ham xabar berdi. Shu bilan birga, ushbu festivalni har ikki yilda bir marta Qo‘qon shahrida o‘tkazishga qaror qilinganligi ta'kidlandi va bu nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo va butun dunyoda hunarmandchilikni ommalashtirish, saqlash va qayta tiklash uchun sharoit yaratadi.

Tojikiston Hunarmandlar uyushmasi raisi M.Muxabbatov Tojikistonda hunarmandchilik sohasining rivojlanishi va Tojikiston hunarmandlari uyushmasi tomonidan mamlakatda hunarmandchilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Tojikiston tomoni ikki mamlakat hunarmandlari o‘rtasida tajriba almashish, hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha treninglar va mahorat darslarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishda qo‘shma hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi, shuningdek taniqli hunarmandlarni Tojikiston va O‘zbekistonga taklif qilish orqali alohida hunarmandchilik maktablarini rivojlantirish, tosh o‘ymakorligi, keramika buyumlari tayyorlash, qo‘lda gilam to‘qish kabi sohalarda hunarmandchilikni tashkil etish imkoniyatini yaratishga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida hunarmandchilik sohasida yaqin aloqalarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishib oldilar, shuningdek milliy hunarmandlarga mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatishga, hunarmandlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini va hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishga alohida e'tibor berdilar.

SSP Axborot-xizmati