19.09.2020 233

Savdo-sanoat palatasi qoshida “Ko‘rgazma saroyi” yangidan tashkil etildi


So‘ngi yillarda Respublikamizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes vakillarining huquqini himoya qilishni ta'minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu vazifalarni bajarishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining munosib o‘rni bor. Bizning maqsad esa tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkor va hunarmandlarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy qilish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investisiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlik sohasida kadrlar tayyorlashdek ulkan vazifalar bajarishga qaratilgan.

Misol uchun, Palata a'zolari manfaatida sudlarga jami  6 trln. 930 mlrd so‘mlik 70 819 ta arizalar kiritilgan (2018 yilga nisbatan 20 814 taga ko‘pdir). Shundan, ko‘rilgan da'volarning qariyb 78 foizi to‘liq qanoatlantirilgan. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Xorijiy mamlakatlar vazirlik va idoralari, diplomatik korpusi, hamkor tashkilotlar va korxonalar vakillari bilan 252 ta uchrashuvlar, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari tashriflarini tashkil etish, qo‘shma biznes-forum, seminar va konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha va o‘zbek delegasiyalarining xorijga safarini tashkil etish bo‘yicha 75 ta xalqaro darajadagi tadbirlar tashkil etilganligi ta'kidlab o‘tishimiz mumkin.

Ushbu olib borilayotgan sayi harakatlarni yanada rivojlantirish maqsadida, Qoraqolpog‘iston Respublikasida joylashgan hududiy boshqarma qoshida yangidan tashkil etilgan “Ko‘rgazma saroyi” binosi ochilish arafasida.

Binoning 1-qavatida tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlari ko‘rgazmasi uchun ekspozitsiya zali tashkil etilgan, 2-qavatida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Hunarmandlar uyushmasi joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. 

Mazkur “Ko‘rgazma saroyi”da Qoraqalpog‘iston Respublikasining har bir shahar va tumani uchun alohida joy ajratilib, muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilib borilishi kutilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz bugun qanday islohotlarni, qanday o‘zgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan bo‘lmaylik, ularning barcha-barchasi shu mehnatkash, olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat ekanligini ta'kidlagan. Bugun Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham qanday yangi loyihalar amalga oshirilmasin barchasi aynan shu yaratuvchan, izlanuvchan, yangilikka o‘ch, tashqi bozorlarga chiqishga intiluvchi qo‘li gul tadbirkor va hunarmandlarimiz uchundir.

SSP Matbuot-xizmati