10.07.2020 212

Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida


“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 440 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (ID-18365) loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:  

1. Loyihaning 3-bandi “b” kichik bandida “davlat geologiya qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muxitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda “O‘zsanoatkurilishmateriallari” uyushmasi bir yilda bir marotaba noruda qazilma boyliklaridan oqilona foydalanilishi yuzasidan monitoring o‘tkazadi va natijasi yuzasidan konlardan foydalanmayotgan yoki maqsadsiz foydalanayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan lisenziyalarni qonunchilik asosida muddatidan oldin bekor qilish va yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi”-deb belgilangan.

Yuqorida keltirilgan bandda tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan lisenziyalarni (er uchastkalaridan foydalanish huquqini) vakolatli organ qaroriga asosan  muddatidan oldin bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Biroq, “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to‘g‘risida”gi Qonuning 23-moddasiga ko‘ra, lisenziyaning amal qilishini tugatish lisenziyalovchi organ qaroriga binoan quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

lisenziat lisenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
lisenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Qonunda liseziyalovchi organ tomonidan lisenziyaning amal qilishini tugatish xolatlarini qat'iy ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatda keltirilmagan holatlarda lisenziyaning amal qilishini tugatish sud tartibida amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bois, loyihada nazarda tutilayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan lisenziyalarni (er uchastkalaridan foydalanish huquqini) muddatidan oldin bekor qilish tartibini amaldagi qonunchilikga muvofiqlashtirish xamda ushbu jarayonni sud orqali amalga oshirish lozim.

2. Loyihaning 3-bandi “b” kichik bandi bilan monitoring natijasi ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlariga  foydalanish uchun taqdim etilgan yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish nazarda tutilmoqda.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 iyul'dagi “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish jarayonini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 546-son qarori ilovasining 115-bandi o‘ninchi xatboshisiga ko‘ra, noruda foydali qazilmalarni qazib olish hajmlari yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan uzluksiz ikki yil davomida bajarilmagan taqdirda (fors-major holatlaridan tashqari) haqiqatda qazib olingan hajmdan kelib chiqib, noruda foydali qazilmalar zaxiralarining o‘zlashtirilmay qoladigan qismi davlat balansiga va ular joylashgan yer uchastkalari mahalliy ijro hokimiyati organlari zaxirasiga qaytarilishi belgilangan.

Ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlik sub'ekti tomonidan qazib olish hajmlari uzluksiz ikki yil davomida bajarilmagan taqdirdagina taqdim etilgan yer uchastkalari mahalliy ijro hokimiyati organlari zaxirasiga qaytariladi.

Shu bois, loyihaning 3-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilayotgan xarakatlar (er uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish tartibi) yuqorida keltirilgan qaror talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

3. Loyihaning 3-bandi “b” kichik bandida tegishli tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari noruda qazilma boyliklaridan oqilona  foydalanishlari yuzasidan bir yilda bir marotaba monitoring o‘tkazilishi va natijasi yuzasidan tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan chora ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Biroq, loyihadagi “monitoring” so‘zi o‘z o‘zidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishni nazarda tutmoqda.

Vaholanki, monitoring o‘tkazishdan asosiy maqsad tadbirkorlik faoliyati davomida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan bo‘lishi xamda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tadbirkorlik sub'ektlariga tegishli tavsiyalar berilishi lozim.

Tadbirkorlik sub'ektlarinining huquqlari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, loyihaning 3-bandi “b” kichik bandidadan monitoring natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishiga oid qismini chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.

SSP Matbuot xizmati