07.07.2020 321

COVID-19 davrida va undan keyin Markaziy Osiyoda xalqaro arbitraj amaliyoti va muammolari


“Astana” xalqaro moliyaviy markazi huzuridagi Sud va Xalqaro arbitraj markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi ishtirokida  2020 yil  7 iyulda Nur-Sulton shahrida “COVID-19 davrida va undan keyin Markaziy Osiyoda xalqaro arbitraj amaliyoti va muammolari” mavzusida onlayn rejimida vebinar tashkil qilindi.  

Vebinarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan xalqaro arbitrlar, advokatlar, xalqaro tijorat arbirtaji sohasi olimlari, biznes vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Qirg‘iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudining raisi Shamaral Maychiev “COVID-19 va Qirg‘iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudining yangi imkoniyatlarining rivojlanishi” va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj  sudining raisi, yuridik fanlar doktori, professor v.b. Foziljon Otaxonov “O‘zbekistonda xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarining rivojlanish istiqbollari” mavzularida ma'ruzalar qildilar.

Vebinar moderatori “Astana” xalqaro moliyaviy markazi huzuridagi Sud va Xalqaro arbitraj markazining apparati rahbari Kristofer Kempbell-Xolt arbitraj muhokamasi va uning quyidagi afzalliklariga, ya'ni taraflarning arbitrlarni mustaqil tanlash imkoniyati, tezkorlik, tejamkorlik, arbitrlarning yuqori malakasi, hal qiluv qarorlarining uzil-kesilligi va ijrosi kafolatlanganligi masalalarini batafsil yoritib berdi.

Vebinar ishtirokchilari e'tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tizimidagi Hakamlik sudlari  tomonidan 2007–2020 yillar davomida umumiy summasi 1,1 trln. so‘m bo‘lgan 27 916 ta ishlar, Xalqaro tijorat arbitraj sudi tomonidan esa 68 ishlar ko‘rilgan bo‘lib, da'vo summasi 15,9 mlrd. so‘m, 4,6 mln. AQSh dollari, 4,2 mln. Rossiya rubli 39,8 ming Yevroni tashkil qilganligi havola qilindi.

Ko‘rilgan ishlarda da'vogar va javobgar sifatida Belarus' Respublikasi, BAA, Germaniya, Daniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Singapur, Turkiya, Ukraina, O‘zbekiston, Xitoy kabi mamlakatlarning kompaniyalari ishtirok etganliklari ta'kidlandi.

Tadbirda ma'ruzachilarga nizolarni muqobil hal qilish usuli bo‘lgan xalqaro arbitrajlar faoliyatida pandemiya sharoitida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha savollar berildi.

SSP Matbuot-xizmati