24.06.2020 120

Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga navbatdagi imtiyozlar


Mamlakatimizda turizm sohasida bir qancha imtiyozlar va preferensiyalar berish bilan birga, investisiyaviy muhitni yanada yaxshilash borasida, tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 iyundagi PQ-4755-sonli “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori imzolandi. 

Mazkur Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar mehmonxonaga joylashtirish vositalariga tegishli bo‘lgan toifa bo‘yicha olinadigan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizi qaytariladigan bo‘ldi.

2020 yil 1 avgustdan boshlab turizm sohasi bo‘yicha quyidagi qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi Andijon, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarida halqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;
  • Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining uchish xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat'i nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy  qatnovlar amalga oshiriladi;
  • Mamlakatning “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga tarif va yig‘imlar 3 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qo‘llaniladi;
  • investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini tegishli xavfsizlik darajasini ta'minlangan holda qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2023 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr bo‘lish sharti bilan har bir 500 metr yo‘l uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetlan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga  ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi. Dastlabki 50 ta loyihaga yo‘naltirilgan investorlar harajatlarining bir qismi qoplanadi;
  • Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha joylashtirish  vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar  bilan qurish uchun tadbirkorlik sub'ektlari harajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingga yetguniga yoki 2023 yil 31 dekabrga qadar Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir joy uchun 5 million so‘mgacha miqdorida qoplanadi;
  • 2020 yil 31 dekabrga qadar “Uzbekistan Safe travel GUARANTEED” tizimning xavfsiz ob'ektlar reestriga kiritilgan hamda barcha epidimiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan harajatlar Davlat byudejtidan ajratiladigan mablag‘lardan qoplanadi;
  • gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar xizmatlari o‘zini-o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ulanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yhatiga kiritiladi.

Nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galeriyalar va hunarmandchilik markazlari uchun soliqdan imtiyozlar berilib, 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar ularning faoliyati uchun olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladigan bo‘ldi.

Turistlar uchun shu yildan boshlab “Uzbekistan Safe travel GUARANTEED” sanitar-epidimiologik xavfsizlik tizimi joriy etildi.

Shuningdek, mamlakatimiz xududida tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlarkoronavirusinfeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga 3000 AQSh dollari miqdorida kompensasiya to‘lab berish joriy etildi. To‘lovlar mexanizmiXavfsiz turizm jamg‘armasidan qoplanilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur Qaror mamlakatimizda turizm maqsadida O‘zbekistonga xorijiy fuqarolarini keng jalb qilish, ularga keng imkoniyatlar yaratish, davlatimiz iqtisodiyotini yuqori darajaga ko‘tarishda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish bilan bir qatorda tadbirkorlikni keng rivojlantirish va buning natijasida aholini ish bilan band qilish,  respublika xududlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investisiyaviy jozibadorlikni va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 

Hurmatli tadbirkorlar! Agarda sizda sohaga oid savollar paydo bo‘lsa, Palataning ishonch raqamiga (78 150-60-06) murojaat qilishingiz mumkin.

 

SSP Matbuot xizmati