24.06.2020 188

Biznes-ombudsman boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Yozyovon tumanida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2020 yil 5-6 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali va sifatli bajarilishini ta'minlash bo‘yicha Biznes-ombudsman boshchiligidagi Respublika ishchi guruhining Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida tadbirkorlar bilan uchrashishi bo‘yicha “Reja-grafik” tasdiqlangan edi.

Yuqoridagi reja grafikka asosan 2020 yil 19 iyun' kuni Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida Biznes Ombudsman, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, viloyat prokuraturasi, viloyat hokimligi hamda tegishli mutasaddi tashkilot vakillari ishtirokida tumandagi tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan va ularni qiynayotgan muammolar ochiq oydin aytib o‘tildi. Ayniqsa, kredit olish, lizing asosida transport vositasini olish, bo‘sh turgan binolarni ochiq auksionga chiqarish, takroriy ekin uchun yer ajratish, infratuzilma masalalari hamda ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Ko‘plab muammolar joyida hal etildi.

SSP Axborot-xizmati