12.05.2020 829

G‘oyadan amalga oshirguncha: biznеs g‘oya tanlovining natijalari


Mazkur yilning boshlanishida Savdo sanoat palatasi hamda BMTTD hamkorligidagi «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida Farg‘ona vodiysi fermerlari o‘rtasida biznes g‘oyalar tanlovi e’lon qilingan edi. Tanlovda ishtirokchilar saralash mezonlariga muvofiq iqlim o‘zgarish xatarlariga moslashish chora tadbirlarini aks etgan hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini oshirishga doir biznes loyihalarni taqdim etishlari kerak edi.

Endilikda kuni kecha loyiha tomonidan texnik ko‘mak beriladigan biznes g‘oyalar tanlovi o‘z yakuniga yetdi. Saralash bosqichi oson oson kechmadi, chunki tanlovga juda ko‘p, 50 ga yaqin loyihalar taqdim etilgan bo‘lib, intensiv bog‘larni (gilos, olma, bodom va h.k.) barpo qilish, organik o‘g‘itlarni ishlab chiqish laboratoriyasini tashkil etish, biolaboratoriya ishini yo‘lga qo‘yish, meva va sabzavotlarni saqlash uchun sovuqxonalar qurish va mavjud binolarni unga moslashtirish, sitrus mevalari va gullarni yetishtirish uchun issiqxonalar qurish, sabzavot urug‘chiligini rivojlantirish, tomchilatib sug‘orish tizimini barpo qilish kabi loyihalar shular jumlasidandir.

Takliflarni o‘rganish jarayoniga jiddiy yondashildi: buning uchun har bir taqdim etilgan loyihalar bo‘yicha joylarga chiqib tanishildi, tashabbuskorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, mavjud muammolar va ularning maqbul yechimlari batafsil o‘rganildi, loyihalarni amalga oshirish imkoniyati va yana shu kabi ko‘plab jihatlari ko‘rib chiqildi. Natijada, tanlovning ikkinchi bosqichiga 14 loyiha o‘tdi va ushbu bosqich shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar biznes reja va marketing bo‘yicha trening kursida ishtirok etib, o‘z biznes loyihalarini yozishlari kerak edi.

Tanlovning yakuniy saralash jarayoni koronavirusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha qabul qilingan chora tadbirlarga muvofiq, masofaviy tashkil etildi. Bunda tanlov komissiyasi a’zolari taqdim etilgan xujjatlarni batafsil o‘rganib chiqdilar, zaruriyatga ko‘ra, ayrim masalalarga aniqlik kiritish uchun talabgorlar bilan bog‘lanishd va ularga tegishli ballarni qo‘yishdi. Ballar yig‘indisining ko‘rsatkichlari tanlov g‘oliblarini aniqlab berdi.

Tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining viloyat hokimliklari, Qishloq xo‘jalik boshqarmalari, Savdo-sanoat palatasining xududiy boshqarmalari, Tadbirkor ayol uyushmalari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashlari vakillari hamda loyiha xodimlari kiritilgan.

Saralash natijalariga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishdagi 7ta biznes takliflar loyiha tomonidan moliyalshtirish uchun tavsiya qilindi: intensiv bog‘larni yaratish, sabzavot urug‘chiligini rivojlantirish (xususan, pomidorlar), meva va sabzavotlarni sovuqxonada saqlash, asalni qadoqlash loyihalari.

Asosiy bosqichlarning biri bosib o‘tildi, endi navbat yangi iqlim o‘zgarishiga moslashgan, iqtisodiy jihatdan foydali loyihalarni amalga oshirishga. Umid qilamizki, kalendar yilining yakuniga qadar deyarli barcha loyihalarimiz o‘z faoliyatini boshlagan bo‘ladi hamda ayrimlari bo‘yicha birchi salmoqli natijalarni olamiz.

 

 

BMTTDning qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirish borasidagi faoliyati 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi hamda BMT a’zo davlatlari qabul qilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

***

«Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi «Rossiya Federatsiyasi - BMTTD rivojlanish maqsadida» maqsadli jamg‘armasining iqlim yo‘nalishi doirasida amalga oshirilmoqda.