01.10.2019 539

O'zbekiston-Rossiya Ishbilarmonlar kengashining 4-majlisi


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2019 yil 1 oktyabr kuni O'zbekiston-Rossiya Ishbilarmonlar kengashining 4-majlisi tashkil etildi.

Uning ishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi a'zolari ishtirok etdi.
Majlisda O'zbekiston va Rossiya o'rtasida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo'yicha “yashil yo'lakcha” tizimining yo'lga qo'ylganligi, bu esa o'z navbatida O'zbekistonda yetishtirilayotgan ho'l va quritilgan meva-sabzovot hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni RFning turli hududlaridagi xaridorlarga yetkizib berish jarayonini tezlashtirishga va mahsulot hajmini oshirishga imkon bergani alohida ta'kidlandi. Shu munosabat bilan Rossiya tadbirkorlarining o'zbekistonlik hamkasblari bilan ishlashga qiziqishi ortayotgani qayd etildi.  

O'zaro foydali hamkorlikning yangi qirralari haqida so'z borganda bunday imkoniyatlar ko'p jihatdan O'zbekistonda biznes yuritish sharoiti yaxshi tomonga jiddiy o'zgargani tufayli yuzaga kelayotgani ta'kidlandi. Masalan, ko'plab tovar pozitsiyalari bo'yicha O'zbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun aksiz solig'i pasaytirildi, bir qator pozitsiyalar bo'yicha esa bunday soliq butunlay bekor qilindi. Bundan tashqari, milliy valyuta konvertatsiyasi joriy etildi, eksportchilar tomonidan valyutada ko'rilgan foydani majburiy sotish bekor qilindi. 
Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilmoqda. O'zbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona va fitosanitar nazoratidan o'tkazishning soddalashtirilishi ham ishbilarmonlik munosabatlari rivojiga ko'maklashmoqda. Bu kabi imkoniyatlar natijasida O'zbekistonning eksport salohiyati o'sib borayotganini ko'rishimiz mumkin. 

2019 yilning birinchi yarim yilligida Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasi o'tgan yil bilan taqqoslaganda sezilarli darajada oshdi. Rossiyaning ko'pgina kompaniyalari o'zbekistonlik hamkorlari bilan yaqin aloqa olib bormoqda. 
O'zbekiston va Rossiya o'rtasida hududlararo iqtisodiy  hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ikki mamlakat ishbilarmonlar doiralarini qiziqtirgan kun tartibidagi yana bir masala bo'ldi. O'zbekistonlik tadbirkorlarning Rossiya hududlariga, rossiyalik tadbirkorlarning O'zbekistonga tashriflari o'zaro foydali bir qator loyihalarni ishga tushirish imkonini berdi.

Majlisda ishbilarmonlar kengashlari yo'nalishida hamkorlikni yanada rivojlantirishga e'tibor qaratildi. Bu tadbirkorlikka amaliy ko'mak berish imkonini beradi. Boisi o'zaro hamkorlikning aniq masalalarini hal etishdan tashqari kengashlar kelishilgan majburiyatlar bajarilishini ta'minlashga intiladi, bu esa ikki mamlakat manfaatlariga to'liq javob beradi.
Majlisda O'zbekiston-Rossiya Ishbilarmonlar kengashining o'tgan yildagi faoliyati yakunlari ko'rib chiqildi, shuningdek galdagi vazifalar, tashqi savdo hamkorligining va ikki mamlakat korxonalari hamda tashkilotlari tarmoqlararo hamkorligining istiqbolli yo'nalishlari muhokama etildi.  

 

ЎзССП Ахборот хизмати