19.09.2019 1266

“Startap-tashabbuslari”dasturida ishtirok eting


O’z startap loyihangiz haqida orzu qilasizmi? O’z kuchingizga ishonasizmi va qiyinchiliklardan cho’chimaysizmi? Tashabbusni qo’lga oling va “Startap-tashabbuslari”dasturida ishtirok eting. Biz esa sizni muvaffaqiyat sari ilk qadamlardan qo’llab quvvatlaymiz.

O‘zbekiston bo‘ylab yoshlar startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturining to’rtinchi davrida ishtirok  etish uchun arizalar qabuli boshlandi. Joriy yilda eng yaxshi loyihalar startapni  yaratishga oid bilim va tajribadan tashqari o‘z loyihalarini rivojlanitirish uchun dasturning korporativ hamkorlari resurslaridan foydalanish imkoniyati va mukofot pullariga ham ega bo‘ladilar.

2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan“Startap-tashabbuslari” dasturi yoshlarni o‘z startaplarini yaratishga hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko’maklashishga qaratilgan. Dastur BMTTD va Savdo-sanoat palatasining qo‘shma faoliyati natijasi bo‘lib, joriy yilda to’rtinchi marotaba O’zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O’zbekiston Yoshlar ittifoqi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) va O’zbekiston Savdo-sanoat palasi bilan hamkorlikda BMT Taraqqiyot Dasturi va O’zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Rossiya Federatsiyasi moliyalashtirayotgan “O’zbekistonda yoshlar bandligiga ko’maklashish” qo’shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qo'llab-quvvatlash dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi PQ-3001-sonli qarori bilan tasdiqlangan vazifalarni bajarish, ya'ni kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Dastur nimani o'z ichiga oladi?

Hakamlar hay'ati tomonidan aniqlanadigan eng yaxshi loyihalar jamoalari dasturda ishtirok etishlari va bu yil yangi mavzular va ​​amaliy mashg'ulotlar bilan boyitilgan “Lean Startup” (tejamkor startap) uslubi asosida startap loyihalarini yaratishga bag’ishlangan an'anaviy o'quv kursida qatnashishlari mumkin.

Oldingi davrlar tajribasidan kelib chiqgan holda, asosiy e'tibor tanlangan startap loyihalari jamoalari bilan yaqinroq ishlash, mutaxassislar va ekspertlar bilan maslahat uchrashuvlari o'tkazish va startap loyihalarini amalga oshirishda jamoalarni kuzatib borish uchun murabbiylarni jalb qilishga qaratiladi. Mutaxassislar loyiha g'oyalarini tasdiqlash, qiymat takliflari va loyiha tahminlarini tekshirish, MVP (mahsulotning kichim ishchi modeli) ni yaratish, loyihaning biznes modelini ishlab chiqish, savdo kanallarini topish va sarmoyachilarga taqdimotni tayyorlash bo'yicha maslahat beradilar.

Eng muvoffaqiyatli loyihalar jamoalari "Demo day" (Taqdimot-kuni) yakuniy tadbirida o'z loyihalarini hamkor tashkilotlar va istiqboldagi sarmoyachilarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo'ladilar. "Demo day" natijalari bo'yicha eng yaxshi loyihalarga rag’batlantiruvchi sovg’alar va o'z startaplarini amalga oshirish uchun 50 million so’mgacha beg’araz pul mukofotlari beriladi. Mukofot mablag’lari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan.

Bu yil Toshkentdan tashqari Farg'ona, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida ham o’quv-mashg’ulotlar va mahorat darslari o'tkaziladi. Har bir hududda qo'llab-quvvatlash dasturida ishtirok etish uchun 20 tagacha eng yaxshi loyihalarni tanlash rejalashtirilgan. Dasturning hududiy bosqichi yakunlangach, mahalliy ekspertlar guruhi tomonidan tanlab olingan eng yaxshi loyihalar Toshkentdagi yakuniy "Demo day" da qatnashish imkoniyatiga ega bo'ladilar.

Tanlov qanday amalga oshiriladi?

Dasturga tanlov onlayn arizalar va jamoalar bilan suhbat o‘tkazish asosida amalga oshiriladi. O'tgan yildagi kabi, qizlar rahbarligidagi yoki jamoalar tarkibida tasischi sifatida qizlar ishtirok etayotgan jamoalar va loyihalar ustuvorlik kasb etadi.

Qanday qilib ishtirok etish mumkin?

Dasturda ishtirok etish shartlari, loyihalarni tanlash mezonlari va ishtirokchilarga qo'yiladigan talablar to'g'risida ma'lumotni http://startup.mehnat.uz sahifasidan olishingiz mumkin.

Arizalarni qabul qilish yakuniy muddati - 2019 yil 6 oktyabr.