03.07.2019 1249

"Soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi: soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada takomillashtirish”


3 iyul kuni “UzEkspomarkaz” binosida "Soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi: soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada takomillashtirish” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo'lib o'tdi.

Xalqaro press-klubda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisi B.Musaev, O'zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o'rinbosari D.Sultanov, O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umirzakov  va bir qator yirik tadbirkorlik sub'ektlari ekspert sifatida ishtirok etishdi. 

So'zga chiqqanlar Farmonning asosiy mazmun mohiyati mamlakatimizda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag'batlantirish, tadbirkorlikni va sog'lom raqobat muhitini qo'llab-quvvatlash, mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish va rag'batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste'mol tovarlari bilan ta'minlashga yo'naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlarning davomiyligini ta'minlashga qaratilganligini alohida qayd etishdi.  

Shuningdek tadbir davomida, boj tariflarining tartibga solish funksiyalarini iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning qo'shilgan qiymat global zanjiriga uyg'un integratsiyalashuvga yo'naltirilgan ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda kuchaytirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni tarif jihatdan tartibga solish tizimini ilg'or xorijiy tajribani, xalqaro prinsiplar va normalarni inobatga olgan holda takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoxud yetarli bo'lmagan hajmda ishlab chiqariladigan hamda eksportga yo'naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallar bilan ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish borasida ham so'z bordi. 

Tadbirda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, “Har birimiz iste'molchi bo'lib, sifatli va arzon mahsulotlarni sotib olish niyatimiz bor va bunga doimo intilamiz. Lekin biz O'zbekistonda xalqimizning ming yillik tadbirkorlik fazilatlari asosida nafaqat iste'molchi qolaversa salohiyatli, boy ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanishimiz va bundan g'ururlanishimiz darkor” - deya ta'kidlab o'tdi.

Joriy yilning 27 iyun kuni Prezidentimizning “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5755-sonli farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, 2019 yil 1 avgustdan boshlab:

yagona yer solig'i to'lovchisi hisoblangan qishloq xo'jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar ixtiyoriy ravishda qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tishlari mumkin;
kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so'mdan oshgan, biroq bir milliard so'mdan ko'p bo'lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko'rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar ko'rsatilgan xizmatlar uchun haq summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to'lovini to'lashga o'tishi belgilandi.
Shu bilan birga, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:

- benzin, dizel yoqilg'isi va gazni yoqilg'i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste'molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat'i nazar, qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilari hisoblanadi;

- tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'ektlari, tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi tushumi miqdoridan qat'i nazar, qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub'ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi sifatida hisobga turishi shart;

- quyidagilar bo'yicha qo'shilgan qiymat solig'idan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:

asbest, ko'mir, yog'och materiallari, yog'och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi;
soya danagi, kungaboqar va kunjut urug'lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi;
qishloq xo'jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
- yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag'laridan foiz ko'rinishida olingan to'lov manbaini foyda solig'idan ozod qilish bo'yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Farmonda qayd etilishicha, qo'shilgan qiymat solig'ining to'laqonli zanjirini yaratish va barcha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlash maqsadida:

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o'zi ishlab chiqargan qishloq xo'jaligi mahsulotlariga va O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha imtiyozlar bekor qilinadi;
2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so'mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo'lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer maydonlariga ega bo'lgan yagona yer solig'i to'lovchilari qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi sifatida ro'yxatdan o'tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig'i to'lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tadi;
paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo'lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to'langan qo'shilgan qiymat solig'i summasini hisobga olish huquqi taqdim etiladi.
O'zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo'yicha qo'shilgan qiymat solig'idan imtiyozga ega bo'lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to'g'risida xabarnoma berish asosida ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini to'lash huquqi beriladi.

Shuningdek, mazkur farmon asosida imtiyozlar bilan bog'liq boshqa o'zgarishlar ham kuchga kirishi belgilangan. Farmonning to'liq matni bilan ushbu havola http://www.uza.uz/oz/documents/soli-va-bozhkhona-imtiyezlari-berilishini-yanada-tartibga-so-28-06-2019 orqali tanishishingiz mumkin.