17.05.2019 1231

Prezident sovrini uchun an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan ko'rik-tanlovning Samarqand shahar bosqichi bo'lib o'tdi.


Shaharda sanoat ishlab chiqarishi, xizmat ko'rsatish va servis tarmog'ini rivojlantirish, tadbirkorlik va hunarmandchilik borasida boshqalarga ibrat bo'layotgan 90 nafar ishbilarmon qatnashgan tanlovda eng yaxshilar e'tirof etilib, tanlovning viloyat bosqichiga yo'llanma oldi.

“Samarqand YevroAziya tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori Asliddin Salohiddinov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” deb topildi.

– Korxonamizda asosan erkaklar ko'ylagi, choyshablar va turli xil matolar ishlab chiqaramiz, – deydi “Samarqand YevroAziya tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati menejeri Jasur G'aniev. – Mahsulotlarimiz ko'proq xorijga eksport qilinadi. Yaqinda korxonamizga 100 million dollar miqdorida investitsiya kiritib, Xitoydan yangi, zamonaviy uskunalar keltirdik va 400 ga yaqin ish o'rinlari yaratdik. Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan bu texnologiya mato sifatini yaxshilab, chidamliligini oshiradi. Natijada qisqa vaqtda yaqin va uzoq chet davlatlarga 100 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. 

Tanlovda “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yo'nalishida birinchilik “Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Shahram Amonovga nasib etdi. INNOVA “VRSUS Medisal” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori Sherzod Muhiddinov “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, yakka tartibdagi tadbirkor Savlat Rahmonov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo'nalishlarida g'oliblikni qo'lga kiritdi.

Bundan tashqari, bir qator qo'shimcha nominatsiyalar bo'yicha ham g'oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan rag'batlantirildi.

Tanlovning tuman, shahar bosqichini 15 mayga qadar yakunlash, viloyat bosqichini esa joriy yilning 8 iyun kuni Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog'ida o'tkazish rejalashtirilgan.