17.05.2019 991

Navoiy viloyati hududi – Erkin iqtisodiy zona.


Navoiy viloyati hududi (keyinchalik muddatini uzaytirish imkoniyati bilan) 1.01.2030 yilga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo'naltirilgan va import o'rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilandi.

Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga «Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomi beriladi. Ishlab chiqarishlar hududda mavjud bo'lgan yoki yengil barpo etiladigan infratuzilmalarda ixcham joylashtiriladi. O'z zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini bajarmagan ishtirokchilar bilan investitsiya bitimlarini bekor qilish, to'xtatib turish va ularni maqomdan mahrum etish faqatgina sud tartibida amalga oshiriladi.

Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashi qanday loyihalar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo'naltirilgan va import o'rnini bosadigan loyihalar hisoblanishini mustaqil ravishda belgilaydi, «Navoiy» EIZ direksiyasining ijobiy xulosasi mavjud bo'lganda – ularga «Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomini taqdim etadi. Belgilash, tanlab olish hamda qatnashchilarni ro'yxatga olishning soddalashtirilgan tartibi bir oy muddatda tasdiqlanadi.

«Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalar Prezidentning 26.10.2016 yildagi PF–4853-son Farmoni 3 va 4-bandlarida belgilangan hajmda, tartibda va muddatda soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanadilar. Bunda o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar hamda butlovchi buyumlarni bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari) ozod etish tarzidagi imtiyoz ular uchun maqsadli tusga ega. Bo'shab qoladigan mablag'lar yangi korxonalarni tashkil etish: mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va texnik, texnologik qayta jihozlash, kengaytirish, ishlab chiqarish binolarini qurish, o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur xom ashyo va materiallar xarid qilishga, mahsulot eksport qilinganda vujudga keladigan qo'shilgan qiymat solig'ining manfiy summasi qaytarilmasligi huquqi bilan yo'naltiriladi.

Bundan tashqari, quyidagi preferensiyalar nazarda tutilgan:

  • «Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq to'lash va hisob-kitoblarning o'zi uchun qulay shart va shakllaridan foydalanishiga ruxsat etiladi;
  • «Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan soliq to'lovchining holatini yomonlashtiradigan soliq qonunchiligi hujjatlari qo'llanilmaydi, aksiz solig'iga tortiladigan tovarlarga soliq solishni tartibga soluvchi hujjatlar bundan mustasno;
  • 2019 yil 1 iyundan boshlab xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta'sischilari – «Navoiy» EIZ qatnashchilari va ularning oila a'zolariga respublika hududidan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bilan, amal qilish muddati 3 yilgacha bo'lgan «investitsiya vizasi» beriladi.

«Navoiy» EIZ direksiyasi tuzilmasida Eksportni qo'llab-quvvatlash markazi tashkil qilinadi, u qatnashchilarga o'z mahsulotlarini eksport qilishda ko'maklashadi. Bu yerda maslahat, vositachilik xizmatlarini ko'rsatish, marketing tadqiqotlarini o'tkazish mumkin bo'ladi va h.k. 


www.norma.uz