18.11.2018 2134

"Tashabbus-2018" ko'rik-tanlovi g'oliblari aniklandi!

Toshkent shahridagi muhtasham “Navro'z” restoranida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o'rtasida o'tkazilgan “Tashabbus — 2018” respublika ko'rik-tanlovi g'oliblarini aniqlash hamda ularni tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Unda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J. Ortiqxo'jaev va boshqalar ta'kidlaganidek, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlik harakatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, bir so'z bilan aytganda, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifasi etib belgilangan. Natijada kichik biznes sub'ektlari soni yil sayin ko'payib, Ularning yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to'ldirish, xizmat ko'rsatish sifatini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishdagi hissasi ortmoqda. An'naviy ravishda o'tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko'rik-tanlovi esa iqtisodiy taraqqiyotimizga munosib hissa qo'shayotgan ana shunday ilg'or tadbirkorlar, omilkor fermerlar, qo'ligul hunarmandlar mehnatini e'tirof etish, tajribalarini ommalashtirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

“Tashabbus — 2018” asosiy tashkilotchi hisoblangan O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Hunarmand” uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar ko'magida yangicha formatda tashkil etildi. Ikki oy davom etgan biznes marofonda mamlakatimizning barcha tuman va shaharlaridan 6 mingdan ortiq ishbilarmonlar ishtirok etdi. Quyi bosqichlarda saralanib, yakuniy bosqichga yetib kelgan 915 nafar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ekti, fermer va hunarmand Prezident sovrini uchun o'zaro bellashdilar.

Ochig'ini aytish kerak, bir piyola choy ustida, to'kin dasturxon atrofida jam bo'lgan tanlov ishtirokchilari orasidan g'oliblar nomini aniqlash oson kechmadi. Axir, respublikamizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlarning barchasi, hech shubhasiz, o'z ishining ustasi sanaladi. Ular nomi tilga olinganida yig'ilganlar davomli qarsaklar bilan olqishganining boisi ham shunda.

Dastlab ko'rik-tanlovning “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Yilning eng yaxshi innovatsion loyihasi”, “Yoshlarga eng ko'p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas'uliyatli ijtimoiy sherik”, “Eng yaxshi ko'rgazma namoyishi uchun” singari qo'shimcha nominatsiyalari bo'yicha sovrindorlar aniqlandi. Ularga maxsus diplom va qimmatbaho sovg'alar berildi.

Shundan so'ng eng hayajonli damlar boshlandi. Chunki navbat beshta asosiy — “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo'nalishlari bo'yicha g'oliblar nomi e'lon qilishga yetib kelgandi-da! Ushbu yo'nalishlarda uchinchi va ikkinchi o'rin egalari munosib taqdirlach, oliy o'rin sohiblari sahnaga chorlandi.

Shunday qilib, “Namangan momiq sochiqlari” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari G'iyosiddin Boboxonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Farg’ona tibbiy diagnostika” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumalik Ergashev “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Toshkent shahridagi “Azr-Textile Group” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azizjon Zoirov “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, Xorazm viloyatidagi “Yo'ldosh Majid” fermer xo'jaligi rahbari Yo'ldosh Iskandarov “Yilning eng yaxshi fermeri”,samarqandlik mohir yog'och o'ymakori Mansur Asadov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb topildi.

Barcha yo'nalish birinchi o'rin sohiblariga “Tashabbus — 2018” statuetkasi, oltin medal, maxsus diplom hamda Prezident sovg'asi — “Spark” avtomobilining kaliti topshirildi.

O'z SSP Matbuot xizmati